O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Bahouddin Naqshband majmuasiga bordi
Jamiyat
−
11 aprel 3215 2 daqiqa
Bugun, 11 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qadimiy Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan majmua mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrning yirik ulamosi – naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.

O‘zbek va qozoq xalqlarining dini, ma’naviy qadriyatlari bir. O‘zbekistonda yashagan avliyo va allomalar Qozog‘istonda ham e’zozlanadi. Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir.

Ansambl asrlar davomida shakllangan bo‘lib, bugungi kunda uning tarkibida maqbara, Abdulazizxon tomonidan ziyoratchilar uchun qurilgan xonaqoh, ikkita masjid, shayboniylar, ashtarxoniylar va mang‘itlar sulolalari amirlari dafn etilgan daxma, shuningdek, so‘fiylik tarixiga bag‘ishlangan muzey o‘rin olgan.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy qiyofasi tiklangan. Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak qayta ta’mirlangan. Toqi miyona darvozasining ikki yoni bog‘ga aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Mang‘itlar sulolasiga mansub bo‘lgan Buxoro otalig‘i Doniyolbiy qurdirgan madrasa ta’mirlanmoqda.

Tashrif davomida Qur’on oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qosim-Jomart To‘qayev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgani haqida xabar berilgan edi. Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbari kutib olgan.
Live
Barchasi