Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon bir-birini tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgani munosabati bilan bir-birini tabrikladi.

“Hurmatli Imomali Sharipovich! Aziz birodarim!

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini va qardosh Tojikiston xalqini samimiy tabriklashdan juda xursandman”, deyiladi Shavkat Mirziyoyev yo‘llagan telegramma avvalida.

O‘zbekiston Prezidenti ikki davlatning o‘ttiz yillik hamkorligi muhim va yorqin voqealarga boy bo‘lganini, barcha sohalarda yaqin do‘stlik rishtalari izchil mustahkamlanib, ko‘p qirrali munosabatlar uchun huquqiy asos va samarali institutsional mexanizmlar yaratilganini alohida ta’kidlagan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tomoni o‘zaro hamkorlik o‘zaro ishonch, yuksak hurmat, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillari asosida yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotganidan mamnun ekanini qo‘shimcha qilgan.

“Eng muhimi, ushbu qutlug‘ sana keng nishonlanayotgan joriy yilda munosabatlarimizni yanada yuqori pog‘onaga – ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qildik va bu yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida birgalikda qat’iy va amaliy qadamlar tashlamoqdamiz.

Ochiqlik va konstruktiv ruhda o‘rnatilgan oliy va yuksak darajadagi faol muloqot, davlatlararo va hukumatlararo munosabatlarimizni tartibga solishning mavjud mexanizmlari barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda”, deyiladi Prezident Mirziyoyevning tabrigida.

O‘zbekiston yetakchisi bundan keyin ham strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida chuqurlashib borayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlab, mushtarak tarix va madaniyatga ega ikki xalqning umumiy taraqqiyoti yo‘lida yangi marralar sari birgalikda harakat qilishga ishon bildirgan.

“Sizni munosabatlarimiz yilnomasida qayd etilgan ushbu muhim sana bilan yana bir bor tabriklab, Sizga, Janobi Oliylari va oila a’zolaringizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, mas’uliyatli davlat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh Tojikiston xalqiga tinchlik va uzluksiz taraqqiyot tilayman”, deya so‘zini yakunlagan Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

75

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing