Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko OAV uchun bayonot berdi
Jamiyat
−
09 iyul 1776 2 daqiqa
Bugun, 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko muzokaralar yakunlari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston rahbari Aleksandr Lukashenkoga samimiy qabul va iliq mehmondo‘stlik uchun chin dildan minnatdorlik bildirib, Belarus xalqini yaqinda nishonlangan Mustaqillik kuni bilan tabriklagan.
Ushbu rasmiy tashrif O‘zbekiston – Belarus munosabatlari rivojida tarixiy voqea ekani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Jumladan, Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolangani sammitning asosiy natijalaridan biri bo‘lgan.
O‘zbekiston yetakchisining ta’kidlashicha, mazkur hujjat davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi sahifa ochib, tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni uzoq muddatli rivojlantirish borasidagi qat’iy intilishini tasdiqlaydi.
Muzokaralarga katta tayyorgarlik ko‘rilgani ularning muvaffaqiyatli o‘tishida muhim omil bo‘lgani qayd etilgan.
Tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, uchinchi Hududlararo forumi, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda tahliliy doiralar uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
Davlat rahbarlari siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish hamda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan.
Sammit oldidan tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni hamda ustuvor sohalardagi yangi loyihaviy tashabbuslarni qamrab olgan kompleks reja qabul qilingan.
Bunda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, mikroelektronika, to‘qimachilik, mebelsozlik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirish nazarda tutilgan.
O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi va turdosh infratuzilmani qurishda Belarus tajribasini qo‘llash yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Uchinchi O‘zbekiston – Belarus Hududlararo forumining yakunlari yuqori baholangan. Forum ishida O‘zbekistonning 230 nafarga yaqin tadbirkorlari ishtirok etgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati kabi mintaqaviy hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga intilish qat’iy ekani ta’kidlangan.
Madaniyat va san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda turizm sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Davlat rahbari Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirgan.
Joriy yilda navbatdagi tibbiyot, ta’lim va turizm forumlarini tashkil etishga ahdlashib olingan.
Yakunda bugungi tarixiy tashrif natijalari strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga hamda ikki mamlakatning barqaror rivojlanishi va farovonligiga har tomonlama xizmat qilishi ta’kidlangan.
Live
Barchasi