Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
04 avgust 3510 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan bugun, 4 avgust kuni BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Avazada bo‘lib o‘tadigan konferensiyada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiy transformatsiya, iqlim o‘zgarishiga va atrof-muhit uchun xatarlarga bardoshlilikni oshirish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Avaza siyosiy deklaratsiyasi va harakatlar dasturining qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadigan tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etadi va qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonga borishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi