Shavkat Mirziyoyev To‘qayevni tabrikladi
Jamiyat
−
16 mart 2920 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Qozog‘iston Prezidentini yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklagan.
Qabul qilingan yangilanishlar Qozog‘istonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga ishonchli huquqiy asos bo‘lishi va qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashi ta’kidlangan.
O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qilgan.
Davlat rahbarlari, shuningdek, birodar xalqlarni yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tilagan.
Live
Barchasi