Shavkat Mirziyoyev “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida qatnashdi

Jamiyat

image

Bugun, 19 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida “Tinchlik kengashi”ning dastlabki yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tkazilgan tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Armaniston, Vetnam, Kambodja, BAA, Turkiya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil, Marokash va boshqa davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham qatnashgan.

G‘azo sektorini qayta tiklash va gumanitar yordam ko‘rsatish, shuningdek, mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilingan.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida dastlabki sammitni chaqirgani uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti, “Tinchlik kengashi” raisi Donald Trampga minnatdorlik bildirgan.

O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ni tuzish bo‘yicha tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani va uni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishda amaliy ishtirok etishini qat’iy tasdiqlagani ta’kidlangan.

“Ishonchim komil, kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozimligi ta’kidlangan.

Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.

Davlat rahbari O‘zbekiston ushbu hududda turarjoylar, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyorligini qayd etgan.

“Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga bo‘lgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir. Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda boshqa xorijiy mamlakatlarning davlat, hukumat va tashqi siyosiy idoralari rahbarlari ham so‘zga chiqqan.

Yig‘ilish yakunida “Tinchlik kengashi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing