Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 14 may kuni “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Quyida farmonning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni

Keyingi yillarda respublikada tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, soliq tizimi tubdan isloh qilindi, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlar bekor qilindi.

2019 yilning I choragi yakunlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga 16,4 trillion so‘m hajmda kreditlar ajratildi, iqtisodiyotda investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmlari 1,3 baravarga, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 2,3 baravarga o‘sdi.

Shu bilan birga, tahlil hozirgi vaqtda aholini tadbirkorlik faoliyatiga kengroq va faol jalb etishga to‘sqinlik qiluvchi, birinchi navbatda davlat organlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilishning amaliy va shaffof tizimi mavjud emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha salbiy omillar saqlanayotganligini ko‘rsatadi. Xususan:

birinchidan, tadbirkorlarni qabul qilish va murojaatlarini ko‘rib chiqishning yagona tizimi mavjud emas, bu esa yuzaga kelayotgan masalalarni to‘liq qamrab olish va tezkorlik bilan hal etish imkonini bermayapti, tadbirkorlarning muammolari va murojaatlarini hal etishga yuzaki munosabatda bo‘lish holatlari mavjud;

ikkinchidan, mavjud tizimli muammolarni tahlil qilish bo‘yicha ishlarning samarali amalga oshirilmasligi aholining tadbirkorlik faolligini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalarini sifatli hal qilish imkonini bermayapti;

uchinchidan, tadbirkorlikni rivojlantirishga va qulay investitsiya muhitini shakllantirishga to‘sqinlik qiluvchi muhim muammolarni aniqlash va hal etish bo‘yicha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta’sirchan mexanizmi mavjud emas;

to‘rtinchidan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilishga, shuningdek, ularning qonuniy talablarini aniqlash va tezkorlik bilan hal qilishga hamda muammolarni bartaraf etishga yetarlicha e’tibor berilmayapti;

beshinchidan, tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlashda,ayniqsa, joylarda byurokratik to‘siqlar va g‘ovlar uchrab turibdi, “Har bir oila – tadbirkor”dasturi va tadbirkorlarning kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuslarini o‘z vaqtida amalga oshirish,ushbu jarayonga yoshlar va xotin-qizlarni jalb qilish, barqaror yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turli toifalarining moddiy farovonligini oshirish barcha darajadagi hokimliklar va ularning rahbarlari tomonidan zarur darajada qo‘llab-quvvatlanmayapti.

Tadbirkorlarning, shu jumladan, chet ellik investorlarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish sifati va tezkorligini oshirish, ular bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlash, ularning qonuniy talablarini amaliy va samarali ro‘yobga chiqarish va muammoli masalalarni hal etish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga real hissani ko‘paytirish, aholining ish bilan bandligini oshirish va uning moddiy farovonligini o‘stirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini (keyingi o‘rinlarda – Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

tadbirkorlik sub’ektlarini hamda chet ellik investorlarni qabul qilish, shu jumladan, videokonferensaloqa vositasida va sayyor qabullarni o‘tkazish;

tadbirkorlik sub’ektlarining, shu jumladan, chet ellik investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash;

tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish va mavjud byurokratik, shu jumladan, yer uchastkalari va binolar, kreditlar ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish masalalaridagi to‘siqlarni bartaraf etish;

tadbirkorlikni rivojlantirishga va chet el investitsiyalarini jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni monitoring qilish, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

tadbirkorlarning muammolarini hal etish maqsadida ularni qabul qilish, umumlashtirish, monitoring olib borish va nazorat qilish uchun samarali platforma joriy etilishini nazarda tutuvchi “business.gov.uz” yagona interaktiv portali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati (keyingi o‘rinlarda – Kotibiyat) 1-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

4. Quyidagilar:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

tumanlar va shaharlardagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari ishini tashkil etish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarida tadbirkorlarni, shu jumladan, chet ellik investorlarni qabul qilish hokimliklar, Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, investitsiyalar va savdo, adliya, soliq inspeksiyasi, qurilish, davlat kadastri organlari, bank va boshqa tashkilotlarning hududiy organlari vakillari ishtirokida tasdiqlangan jadval bo‘yicha har kuniamalga oshiriladi;

murojaatda ko‘rsatilgan qonuniy talablar va takliflarni tuman va shahar darajasida qanoatlantirish imkoniyati bo‘lmasa, ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga yuboriladi;

respublika darajasida hal etilishi kerak bo‘lgan tadbirkorlarning, shu jumladan, chet ellik investorlarning murojaatlari keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasining rahbarlari va boshqa vakolatli organlar ishtirokida ko‘rib chiqish uchun Kotibiyatga yuboriladi;

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri murojaatlari vakolatli organlar tomonidan hal etilmagan tadbirkorlik sub’ektlarini, shu jumladan, chet ellik investorlarni doimiy asosda shaxsan qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining qarori talab etiladigan tadbirkorlarning, shu jumladan, chet ellik investorlarning murojaatlari Kotibiyat tomonidan unga ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun kiritiladi;

tadbirkorlarning murojaatlarida ko‘rsatilgan masalalarni tartibga soluvchi normalar mavjud bo‘lmagan taqdirda, Kotibiyat tomonidan qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun kiritiladi;

Kotibiyat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan birgalikda tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan sabablar va sharoitlarni hududlar va sohalar kesimida doimiy ravishda tahlil qiladi va tizimlashtiradi, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha har chorakda aniq takliflar kiritadi.

6. Belgilansinki:

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalaridatadbirkorlarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, shuningdek, boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariningharakati (harakatsizligi) yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqiladi;

qarori yoki harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotlarning mansabdor shaxslariga murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz topshirish taqiqlanadi;

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari o‘z faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy markazlari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiradi;

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarihududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari (keyingi o‘rinlarda – sektorlar), davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tadbirkorlik sub’ektlarining muammolarini aniqlaydilar va ularning hal etilishini ta’minlaydilar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari sektorlar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi axborotni har chorakda tegishli xalq deputatlari Kengashi majlislarida muhokama qilish uchun kiritadilar, ushbu axborot bo‘yicha mas’ul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari eshitiladi.

7. Quyidagi hisobot tizimi amaliyotga joriy etilsin, unga muvofiq:

a) tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari har oyning 5 sanasigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotni hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga va investitsiyalarni jalb qilishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklar to‘g‘risidagi axborotni kiritadilar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari rahbarlari har oyning 7 sanasigachaKotibiyatga amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi yig‘ma-tahliliy axborotni hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga va investitsiyalarni jalb qilishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha asoslangan takliflarni kiritadilar;

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyati natijalari har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining raisligida alohida yig‘ilishlarda, shu jumladan, videokonferensaloqa orqali ko‘rib chiqiladi;

b) Kotibiyat O‘zbekiston Respublikasining Bosh vazirigatadbirkorlardan, shu jumladan, chet ellik investorlardan Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarning ko‘rilishi jarayoni haqida har haftada axborot kiritadi;

v) O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri har chorakda O‘zbekiston Respublikasining Prezidentini:

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarining ishi natijalari, tadbirkorlar hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash yuzasidan davlat organlari faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida;

qabul qilingan qarorlar yoki mansabdor shaxslarni rag‘batlantirish yoxud ularni tadbirkorlik sub’ektlarining, shu jumladan, chet ellik investorlarning murojaatlarini yuzaki ko‘rib chiqqanligi yoki ko‘rib chiqishdagi harakatsizligi uchun shaxsiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar to‘g‘risida xabardor qiladi.

8. Quyidagilarga:

adliya vaziri R.Davletovga – Davlat xizmatlari agentligi bo‘linmalarining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari bilan samarali o‘zaro hamkorligi, qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlar va kamchiliklarni hal etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari ta’minlanishi bo‘yicha choralar ko‘rilishi uchun;

Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromovga – Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tomonidan tadbirkorlarning qabul qilinishini tashkil etishda yordam berish, hududlar va boshqaruv organlari kesimida tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi uchun;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.Qosimovga –Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga murojaat qilgan tadbirkorlarga yordam berish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi uchun nazorat qiluvchi va boshqa organlarning aybdor mansabdor shaxslarining javobgarlikka tortilishi uchun;

investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqovga – Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga chet el investitsiyalarini jalb qilish va ular ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda, shuningdek, tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tashqi bozorlarga kirishiga ko‘maklashish uchun;

Hisob palatasi raisiga – Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan tadbirkorlar murojaatlarining vakolatli organlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini nazorat qilish, ularning murojaatlari bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar sifati va Vazirlar Mahkamasiga aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritilishi uchun;

vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga – Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari bilan samarali o‘zaro hamkorlik qilinishi, tadbirkorlar muammolarining xolisona va adolatli hal etilishi, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida tegishli Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga, shu jumladan, “business.gov.uz” yagona interaktiv portalidan foydalangan holda xabar berilishi uchun shaxsiy mas’uliyat yuklansin.

9. Belgilab qo‘yilsinki:

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarining shtat birligi tegishli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari apparatlarining, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hududiy bo‘linmalarining shtat birliklarini 5-ilovaga muvofiq qisqartirish hisobiga shakllantiriladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, shuningdek, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlari va ular mehnatiga haq to‘lash fondi tarkibi 6 va 6a-ilovalarga muvofiq belgilanadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, shuningdek, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari xodimlariga ilgari ishlagan joyida ko‘p yillik mehnati uchun berilgan ustamalar va qo‘shimcha haq, harbiy (maxsus) unvonlar va martaba darajalari saqlanib qoladi;

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarining boshqaruv xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.

10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini tegishli davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashtirish yuzasidan bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga ko‘rib chiqish uchun takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini zarur mebel va anjomlar, axborot-kommunikatsiya vositalari (kompyuter, printer, nusxa ko‘chirish apparati, internet), aloqa vositalari (telefon, faks) bilan jihozlash yuzasidan o‘n kunlik muddatda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga ko‘rib chiqish uchun asoslangan takliflar kiritsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini moliyalashtirish, shu jumladan, ular xodimlari mehnatiga haq to‘lash, moddiy-texnika ta’minoti va ularning faoliyati bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan zarur mablag‘lar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari uchun 14 ta avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda“business.gov.uz” yagona interaktiv portalini ishlab chiqsin va ishga tushirsin, unda quyidagi asosiy imkoniyatlarning mavjud bo‘lishi nazarda tutilsin:

tadbirkorlar tomonidan hududlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa parametrlar kesimida muammo kelib chiqqan aniq biznes-jarayonni aks ettiruvchi murojaat qilinishi;

ariza beruvchi tomonidan o‘zining shaxsiy kabineti orqali murojaatning ko‘rib chiqilishi jarayonini real vaqt rejimida kuzatib borilishi;

qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni avtomatik rejimda aniqlash imkonini beruvchi tadbirkorlar murojaatlarining tizimlashtirilgan yagona ma’lumotlar bazasi yaratilishi.

13. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari to‘g‘risidagi nizomni;

tumanlar va shaharlardagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – A.J.Ramatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.S.Qosimov, Adliya vazirligi (R.K.Davletov), Davlat soliq qo‘mitasi (B.A.Musayev), Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikromov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda o‘n kun muddatda Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini ularga yuklangan vazifalarni yuksak professional darajada hal etilishini ta’minlashga qodir bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarining maqsad va vazifalarini, shuningdek, ularning faoliyat natijalarini yoritish yuzasidan maqolalar, mavzuli ko‘rsatuv va eshittirishlar tashkil etsinlar.

“Uzbekistan Airports” AJ Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari to‘g‘risidagi axborot bannerlarini aeroportlarning terminallarida joylashtirilishini ta’minlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov ushbu Farmonda belgilangan talablar va vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar kompleksi – “Yo‘l xaritasi”ni bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 14 may


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni

Baholaganlar

22

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing