Shavkat Mirziyoyev sinovli yil qahramonlarini mukofotladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qator farmonlariga muvofiq, mustaqillikning 29 yilligi arafasida bir guruh fuqarolar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Bugun, 28 dekabr kuni Ko‘ksaroyda mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Miziyoyev mukofotlanganlarni tabriklab, ularga o‘zining yuksak ehtiromini bildirgan.

“Biz keyingi yillarda yaxshi an’anani yo‘lga qo‘yib, yurtdoshlarimizga mukofotlarni bayram kunida topshirib kelayotgan edik. Afsuski, bu yilgi pandemiya sharoitida odamlarimizning sog‘lig‘ini asrash uchun ushbu xayrli tadbirni biroz keyinga surishga to‘g‘ri keldi. Ezgulikning kechi yo‘q, deydilar. Nasib etgan ekan, mana bugun sizlar bilan Yangi yil bayrami arafasida yuzma-yuz ko‘rishib, diydorlashib turibmiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Hayotda xursandchilik bilan turli sinov va qiyinchiliklar yonma-yon yuradi. Bu yil koronavirus pandemiyasi butun insoniyat boshiga katta tashvishlar soldi. O‘zbekiston xalqi bu kasallikka qarshi kurashish bilan birga boshqa sinovlarga ham duch keldi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kutilmagan ofatlar ro‘y berdi.

“El-yurtimiz bu muammolar qarshisida sarosimaga tushib qolgani yo‘q. Aksincha, qiyinchiliklar bizni yanada birlashtirdi, bir-birimizga mehrimiz ortdi. Murakkab vaziyatga qaramasdan, ko‘pni ko‘rgan, azmu shijoatli xalqimizning fidokorona mehnati bilan bu sinovlarni mardona yengib o‘tyapmiz. Baraka hamjihatlikda, degan gap hayotimizda yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Pandemiya va global inqiroz oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ko‘rayotgan chora-tadbirlarimiz o‘z samarasini beryapti”, deydi Prezident.

Marosimda aholi sog‘lig‘ini asrash, iqtisodiyotni rivojlantirish va bunyodkorlik ishlari jadal davom etayotgani ta’kidlangan. Davlat dasturlari asosida shahar va qishloqlarimiz, yurtimiz qiyofasi tobora obod bo‘lib bormoqda. Mirishkor dehqon va fermerlar paxta, g‘alla va boshqa ekinlardan mo‘l hosil yetishtirdi.

“Biz bugungi natijalarga erishish uchun pandemiya sharoitida – g‘oyat murakkab bir vaziyatda ish olib bordik. Buning uchun 2-3 karra ko‘proq mehnat qilishga, izlanish, yangi imkoniyat va resurslarni qidirib topishga to‘g‘ri keldi. Avvalo, fidoyi shifokorlarimiz o‘z jonini garovga qo‘yib, xalqimiz sog‘lig‘ini asrash uchun beqiyos jasorat va matonat ko‘rsatdilar. Bu borada Qurolli Kuchlar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mard va jasur xodimlarining xizmatlarini alohida qadrlaymiz. Ayni vaqtda, bunyodkor quruvchilar, saxovatli tadbirkorlar, mahalla faollari, muhtaram nuroniylarimiz, navqiron yoshlarimiz, ilm-fan, madaniyat va sport sohasi vakillari el-yurtimizga haqiqiy tayanch va suyanch bo‘lib maydonga chiqdilar. Har qanday sinovni birdamlik bilan yengib o‘tadigan xalqimiz mana shunday og‘ir kunlarda qudratli kuchga aylandi. Fursatdan foydalanib, sabr-matonatli, zahmatkash, olijanob va fidoyi xalqimizga, uning buyuk qahramonligi uchun yana bir bor bosh egib, ta’zim qilaman.

Dunyoda inson o‘zini qachon baxtli deb biladi? Buyuklik nimada? Elga halol, pok mehnat qilib, natijasi mana shunday mukofot bo‘lganda. Bu yerda o‘tirganlar bugungi kunning qahramonlari, mardona xalqimizning buyuk vakillari”, deya ta’kidlagan Prezident.

Tadbirda aytib o‘tilishicha, fuqarolarning fidokorona xizmatlarini munosib e’tirof etish maqsadida bu yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan geolog” faxriy unvoni, “Oliy Darajali Do‘stlik”, birinchi va ikkinchi darajali “Salomatlik” hamda “Faxriy murabbiy” ordenlari, “Sog‘lom turmush” medali kabi yangi davlat mukofotlari ta’sis etilgan.

Bundan tashqari, “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni joriy qilinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shgan qariyb 25 ming fuqaro ushbu mukofot bilan taqdirlangan.

Shavkat Mirziyoyev mukofotlangan barcha fuqarolarga yig‘ilganlar nomidan tabrik yo‘llagan. Shundan so‘ng mukofotlar tantanali ravishda topshirilgan.

Ma’lumki, O‘qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida jadidchilik harakati namoyandalari – Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan edi. Marosim avvalida ana shu mukofotlar ma’rifatparvarlarning nevaralariga topshirilgan.

Shuningdek, marosimda tibbiyot, iqtisodiyot, fan, ta’lim, adabiyot va boshqa sohalar namoyandalari, davlat va jamoat ishlari faollariga mukofotlar topshirilgan. Samarali faoliyati, vatanparvarligi va tashabbuskorligi bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgani uchun Prezident ularga minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklarini izhor etgan.

“Hammamiz bugun yaxshi orzular va ulug‘ maqsadlar bilan, yangi yil ostonasida turibmiz. Biz barchamiz ahil va hamjihat bo‘lib, xalqimizga sadoqat bilan mehnat qilib, yangi O‘zbekiston poydevorini yaratayotganimiz bilan faxrlanamiz. Dunyomiz tinch bo‘lsin, bag‘rikeng va olijanob xalqimizni, jonajon Vatanimizni Olloh taolo hamisha o‘z panohida asrasin”, deya so‘zini yakunlagan Prezident.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirgan. Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

259

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing