Shavkat Mirziyoyev Singapur Katta vazirini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapur Respublikasining Katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, suhbat avvalida Katta vazir Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnam va Bosh vaziri Lourens Vongning samimiy salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazgan.

O‘zbekiston – Singapur munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Siyosiy muloqot hamda barcha darajalardagi ikki tomonlama aloqalar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Singapurning mamlakat iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan.

Singapur ishbilarmonlarining O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirish rejalari qo‘llab-quvvatlangan. Strategik va innovatsion sheriklik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni ishlab chiqib, unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarga ustuvorlik berishga kelishib olingan.

O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilg‘or tajribasini joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Singapur oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi faoliyati bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi bildirilgan.

Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini baholash va qo‘shma rejalarni muvofiqlashtirish uchun siyosiy va iqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlangan.

Yaqinda O‘zbekiston BMTning Mediasiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilgani olqishlangan.

Xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing