Shavkat Mirziyoyev Sergelidagi tibbiyot markaziga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 4 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida joylashgan xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur zamonaviy tibbiyot markazi bugungi kunda aholiga talab yuqori bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Markazni barpo etish uchun 30 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Bu yerda yiliga 150 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan muassasada yillik xizmatlar hajmini 15 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbariga markaz faoliyati to‘g‘risida taqdimot qilingan. Prezident jarrohlik, reanimatsiya va davolash bo‘limlari, situatsion markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan.

Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Jamoada xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ziyod yuqori malakali mutaxassis va chet ellik shifokorlar ham bor. Markaz Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Xususan, muassasaga PHILIPS kompaniyasining ilg‘or tibbiy texnologiyalari o‘rnatilgan.

Davlat rahbari markazni ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch tibbiyot muassasasiga aylantirish muhimligini ta’kidlagan. Bu yerda to‘planadigan ilg‘or tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berilgan.

Prezident markaz xodimlari bilan ham muloqot qilgan. Sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini ko‘paytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

“Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat ko‘rsatish bilan birga, tibbiy va turizm xizmatlarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yo‘nalishni keng targ‘ib qilish, xorij tajribasini o‘rganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak”, deydi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanining “Ittifoq” mahallasidagi Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishgan edi.

Davlat rahbari mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishgan hamda mahalla faollari va fuqarolar bilan samimiy muloqot qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing