Shavkat Mirziyoyev Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashdi
Jamiyat
−
11 dekabr 770 2 daqiqa
Bugun, 11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning Ashxobod shahrida mamlakat Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston rahbari Turkmaniston Prezidenti va qardosh xalqini mamlakat betarafligi e’lon qilinganining 30 yilligi, ushbu muhim sanaga bag‘ishlangan xalqaro forum yuqori saviyada tashkil etilgani hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilingani bilan samimiy tabriklagan.
Turkmaniston Prezidentining yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sherikligini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
“Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb bir milliard dollarga yetdi. “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Yuk tashish hajmi 30 foizga oshdi, jumladan, Turkmanboshi porti orqali yetkazib berish faollashdi. Faol gumanitar va hududlararo almashinuvlar davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi va Hududlar forumining bo‘lajak yig‘ilishlarida savdo hajmini karrasiga oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, xususan, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni samarali ilgari surish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, ertaga, 12 dekabr kuni O‘zbekiston rahbari Turkmanistonning doimiy betarafligi e’lon qilinganining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi. Tashrif davomida O‘zbekiston Prezidenti qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonning Ashxobod shahriga borgani va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.