Shavkat Mirziyoyev referendumda ovoz berdi (fotoreportaj+video)
Jamiyat
−
30 aprel 2023
8114O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 aprel kuni oila a’zolari bilan birga Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 59-referendum uchastkasiga tashrif buyurib, referendumda ovoz berdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Referendumda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ovozga qo‘yilgan. Ma’lumki, bu jarayonga bir yarim yil mobaynida puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, xalqning fikri o‘rganildi. Jamoatchilik tomonidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy oldi.
Ushbu takliflar asosida yangilanayotgan Konstitutsiya moddalari soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalari 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni Asosiy qonunning 65 foiz matni xalq takliflari asosida yangilandi. Bunda xalqaro tajriba ham inobatga olindi, turli sohalardan yetuk mutaxassislar va ekspertlar jalb etildi.
Bu siyosiy jarayonni 45 ta davlat va 14 nufuzli xalqaro tashkilotdan jami 383 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bormoqda.
“Konstitutsiya davlatimiz barqarorligi va kelajagi, inson manfaatlarining huquqiy asosidir. Fuqarolar buni chuqur his etib, referendumda faol ishtirok etmoqda”, deyiladi xabarda.