Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Issiqko‘ldagi mehmonxona ochilishida qatnashdi
Jamiyat
−
31 iyul 4344 1 daqiqa
Bugun, 31 iyul kuni norasmiy Maslahat uchrashuvi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva Cho‘lponota shahridagi besh yulduzli “Boku” mehmonxonasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Qirg‘iziston va Ozarbayjon Prezidentlari va ularning rafiqalari hamda Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlari ham qatnashgan. Yetakchilar zamonaviy mehmonxona majmuasida tashrif buyuruvchilar dam olishi va xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan.


Qayd etilishicha, mehmonxona 17,2 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni qariyb 30 ming kvadrat metr bo‘lgan 120 dan ortiq xonali yetti qavatli binoni, basseyn, akvapark, sport va ko‘ngilochar infratuzilmani o‘z ichiga oladi.



Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida ishtiroq etgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu uchrashuvdagi nutqida O‘zbekiston Prezidenti yagona tabiiy makonda yuzaga kelayotgan tahdidlar davlat chegaralarini tan olmasligini, ularga javob choralari ham umumiy bo‘lishi kerakligini bildirdi. Shuningdek, ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashayotganini aytdi.
Live
Barchasi