Shavkat Mirziyoyev Pokistonga boradi
Jamiyat
−
04 fevral 3312 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan joriy yilning 5-6 fevral kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, dasturga muvofiq, Islomobodda Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni – Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan muzokaralar hamda Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari oliy darajadagi muloqotlar kun tartibining markazida bo‘ladi.
Siyosiy muloqotni kengaytirish, ikki mamlakat hukumatlari, parlamentlari, ishbilarmon doiralari hamda hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashning muhim jihatlari har tomonlama ko‘rib chiqiladi.
Tomonlar tovar ayirboshlashni oshirishga, sanoat, transport va infratuzilma, turizm sohalaridagi hamkorlik loyihalarini ilgari surishga hamda madaniy-gumanitar aloqalarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratadilar.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Muzokaralar yakunida Qo‘shma deklaratsiya va ustuvor sohalar bo‘yicha kelishuvlarning salmoqli to‘plami imzolanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat yetakchi ishbilarmon doiralari vakillarining qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 25 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgandi. 26 fevral kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida uni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Qolaversa, Shahboz Sharif va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi. Ular ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot ham berdi. Tashrifining so‘ngida Shahboz Sharif O‘zbekiston-Pokiston biznes forumida ham ishtirok etdi.
Live
Barchasi