Shavkat Mirziyoyev OQXJ prezidentligiga saylandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2027-2029 yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) prezidenti etib saylandi. Bu haqdagi qaror bugun, 22 aprel kuni jamg‘arma ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida imzolandi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida o‘tgan tadbirda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va OQXJning Ijroiya qo‘mitasi raisi Asxat Orazbay ham qatnashgan.

Kun tartibiga muvofiq, Qozog‘istonning 2023-2026 yillarda OQXJga raisligining natijalari sarhisob qilinib, Orol dengizi havzasida ekologiya, suv resurslarini boshqarish va ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashilgan.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi noyob mintaqaviy tuzilma sifatida faoliyat yuritib kelayotganini, Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga sabab bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari va suv iste’moli ko‘payib borayotgan sharoitda uning roli va ahamiyati yanada ortayotganini ta’kidlagan.

Tadbir yakunida yetakchilar Ostona bayonotini, Qozog‘iston raisligining borishi to‘g‘risida, 26 martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo hamda Sirdaryo kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida hamda O‘zbekiston yetakchisini 2027-2029 yillarda jamg‘arma prezidenti etib saylash to‘g‘risidagi qarorlarni imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etishni taklif qilgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti yana 7 ta aniq taklifni ilgari surdi.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida asosiy qismi fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan o‘rgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirishni taklif etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing