Shavkat Mirziyoyev Namangandagi aeroport qurilishini borib ko‘rdi
Jamiyat
−
23 iyun 4590 2 daqiqa
Bugun, 23 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Namangan xalqaro aeroportida barpo etilayotgan yangi yo‘lovchi terminali qurilishini ko‘zdan kechirgan.
Mazkur qurilish ishlari davlat rahbarining 2021 yil 29 martdagi “Respublika aeroportlarini boshqarish sohasida davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Namangan xalqaro aeroporti 1971 yilda foydalanishga topshirilgan. 2013 yildan xalqaro maqomda faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda aeroport orqali 9 ta aviakompaniya muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
Qayd etilishicha, loyihaga jami 175 million dollar investitsiya jalb qilingan. Rejaga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar zamonaviy talablarga javob beradigan yangi yo‘lovchi terminali ishga tushiriladi. Maydoni 22,6 ming kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli terminal soatiga 1,2 ming nafar va yiliga 3 million nafardan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa aeroportning hozirgi quvvatini bir necha barobar oshiradi.
Yangi terminalda chegara va bojxona nazorati punktlari, viza xizmatlari, biznes-zal, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti hamda Duty Free hududi tashkil etiladi. Natijada 550 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
2027 yil yakuniga qadar kunlik quvvati 50 tonna bo‘lgan kargo terminali foydalanishga topshiriladi. Farg‘ona vodiysi uchun yagona zamonaviy kargo tizimi shakllantirilib, mahsulotlarni dunyoning 90 mamlakatiga eksport qilish imkoniyati kengayadi.
Davlat rahbari qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, aeroport infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar bergan.
Live
Barchasi