Shavkat Mirziyoyev Kongress xoll va “Hilton”da mehmon bo‘ldi (video)

Jamiyat

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 9 oktyabr kuni Tashkent City xalqaro biznes markazining ilk ob’ektlari – Kongress xoll va “Hilton” mehmonxonasi bilan tanishdi. Davlat rahbariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamrohlik qildi. 

Kongress xollning umumiy maydoni 43 ming kvadrat metr bo‘lib, unda yirik xalqaro anjumanlar, oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Birinchi qavat markazida 3,5 ming ishtirokchiga mo‘ljallangan konferensiyalar zali bor. Zaruratga qarab, u ikki yoki to‘rtga bo‘linishi ham mumkin.

Xalqaro sammitlar vaqtida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish uchun xonalar, restoran, kichik konsert zali, dam olish joylari mehmonlarga keng qulaylik yaratadi. Ikkinchi qavatda qo‘shimcha zallar joylashgan. 

Davlat rahbari Kongress xollning har bir zalini kirib ko‘rdi.

Besh yulduzli “Hilton” mehmonxonasi nafaqat ushbu markaz, balki butun poytaxtimizga ko‘rk bo‘ldi. 21 qavatli binoda 258 ta nomer mavjud. Shulardan 8 tasi davlat rahbarlari uchun mo‘ljallangan. Pardozlash va jihozlashda issiq ranglar ko‘p qo‘llanilgani kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Barcha zamonaviy mehmonxonalarda bo‘lganidek, otelda bir nechta restoran, basseyn, sport zal, spa va boshqa salonlar bor. Xizmatlar turi ko‘p, sifati yuqori darajada.

Shavkat Mirziyoyev mehmonxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, hudud markazidagi xiyobonni ko‘zdan kechirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing