Shavkat Mirziyoyev Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayramda ishtirok etdi
Jamiyat
−
09 may 2019
5067Bugun, 9 may kuni Toshkent botanika bog‘ida Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlat rahbari bayram tadbiriga kelgan urush va mehnat faxriylarining har biri bilan alohida salomlashib, hol-ahvol so‘radi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Nuroniylar yurtga tinchlik-osoyishtalik, xalqqa farovonlik tilab duolar qildi.
Bog‘da Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi aks ettirilgan. Poyezd va harbiy texnikalar namoyish qilingan.
Ramziy sahnada mashhur o‘zbek generali Sobir Rahimov qo‘mondonligidagi diviziyaning qahramonligi aks ettirildi. Prezident faxriylar bilan birga uni tomosha qildi.
Insoniyat tarixidagi eng dahshatli bu urushda O‘zbekistondan bir yarim milliondan ortiq odam qatnashgan. Butun xalqimiz tinimsiz mehnat qilib, jang maydonlariga harbiy texnika va qurol-yaroq, kiyim-kechak, oziq-ovqat yetkazib turgan. Urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 millionga yaqin insonga boshpana berib, o‘z rizqini baham ko‘rgan.
O‘zbek xalqining fashizm ustidan g‘alaba qozonishga qo‘shgan ulkan hissasi, bag‘rikengligi va mehribonligi hech qachon unutilmaydi.
Bayram tadbirida mamlakatning barcha hududlaridan kelgan urush va mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va Qadrlash kuni hamda G‘alabaning 74 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun O‘zbekiston xalqini tabrikladi.
“Ming-minglab jasur ota-bobolarimiz dunyodagi ko‘plab xalqlar qatorida bu mudhish urushda chinakam qahramonlik ko‘rsatdilar. Bu so‘nmas jasorat, mana, 74 yildirki, biz uchun mardlik maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib kelmoqda va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Keksalarga, mo‘’tabar faxriylarga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani ta’kidlandi.
“Bugungi ozod va erkin hayot uchun, farzandlarimizning baxti va kamoli uchun biz ularning oldida cheksiz qarzdormiz. Bu aziz insonlarni asrab-avaylash, ularning sog‘-salomat va mazmunli umr kechirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish – hammamizning muqaddas insoniy burchimizdir”, dedi Prezident.
Davlat rahbarining 2019 yil 23 apreldagi “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu e’tibor yana bir bor o‘z ifodasini topdi. Qarorga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan faxriylarga, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” shiorlari ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Bu ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bayram tadbirida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli, folklor jamoalar, estrada xonandalari ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Bunday tadbirlar O‘zbekistonning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda.
LiveBarchasi