Shavkat Mirziyoyev Kambodja Bosh vaziri bilan uchrashdi

Jamiyat

−

image

Bugun, 15 oktyabr kuni Baku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Manet bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Tizimli siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo, madaniy-gumanitar va sayyohlik yo‘nalishlaridagi almashinuvlarni faollashtirish muhimligi ta’kidlangan.

Tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, jumladan, mamlakatlarning sanoat salohiyatini namoyish etish uchun ko‘rgazmalar o‘tkazish va ishbilarmonlik delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Tomonlar bu borada savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi asosiy kelishuvlarni ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib olgan.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, xususan, BMT, SHHT, ASEAN, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish yuzasidan ham fikr almashilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing