Shavkat Mirziyoyev Qozondagi Qul Sharif masjidiga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tataristonga tashrifi davomida “Qozon Kremli” tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugun, 5 oktyabr kuni davlat rahbari Tatariston Raisi Rustam Minnixanov hamrohligida Qozonning eng qadimgi qismi – UNESCO'ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Qozondagi Kremlga borgan. 

U yerda O‘zbekiston Prezidenti Qul Sharif masjidini kirib ko‘rgan. Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Kamil Samigullin Shavkat Mirziyoyevga masjid tarixi haqida so‘zlab bergan va birgalikda duo o‘qilgan.

Davlat rahbari shuningdek, Qozon va Tatariston mitropoliti Kirill hamrohligida Blagoveshensk soborini ham ko‘zdan kechirgan. Qozon Kremli hududidagi obidalarning eng qadimgisi bo‘lgan mazkur inshoot XVI asrda bunyod etilgan. U Pskov me’morchilik an’analarining yorqin namunasi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Qul Sharif masjidi 1996-2005 yillarda Qozon xonligi hududida XVI asrning ikkinchi yarmiga qadar mavjud bo‘lgan juma masjidi o‘rnida bunyod etilgan va Imom Qul Sharif nomi bilan atalgan.

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 6 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuvda ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalarini muhokama qilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing