Shavkat Mirziyoyev Qichqiriq mahallasiga bordi
Jamiyat
−
18:16 1324 4 daqiqa
Bugun, 11 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Olmazor tumanidagi Qichqiriq mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashkil topganiga o‘ttiz yildan oshgan ushbu mahallada 23 ta ko‘p qavatli uy joylashgan. 1 ming 416 ta xonadonda 5 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Prezidentning 2024 yil 25 iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida mahalla bugun butunlay yangi qiyofa kasb etgan.
“Obod mahalla” davlat dasturi doirasidagi ushbu loyihaga mahalliy byudjetdan 71,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Natijada hudud zamonaviy “yashil” shaharsozlik muhitini o‘zida mujassam etgan haqiqiy ekologik mahallaga aylangan.

Eng katta yangiliklardan biri Qichqiriq kanali qirg‘og‘i bo‘ylab barpo etilgan sayilgoh bo‘lgan. Uning uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi. Suv bo‘yi hududi aholi tunu kun hordiq chiqaradigan shinam va ozoda maskanga aylantirilgan.
Bu yerda 12,4 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi yotqizilgan, qo‘shimcha yashil hudud tashkil etilgan. Suv havzasi ustida muhtasham ayvon, 14 ta shiypon, charxpalak va favvoralar qurilgan.

Bugun mahallada 6,5 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt parvarish qilinmoqda. Turar joylarning tashqi ko‘rinishi ham yangilangan. Aholi dam olishi uchun yuzlab o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari o‘rnatilgan.
Bu yerda yoshlar uchun ham barcha sharoit yaratilgan. 12 ta vorkaut maydonchasi va 3 ta futbol maydoni barpo etildi, kutubxonalar foydalanishga topshirilgan.

Tadbirkorlik ham jadal rivojlanib, 47 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Yangi loyihalar hisobiga 61 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Davlat rahbari shu yerning o‘zida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar bergan.
Qichqiriq mahallasida ham bu borada o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.

Masalan, mahalla fuqarosi Gulnora G‘oyipova kulolchilik to‘garagi va to‘quvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Bu yerga mahalladagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar jalb etilib, “Usta-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganmoqda.
Shuningdek, hududda respublikada birinchilardan bo‘lib zamonaviy minorali avtoturargoh o‘rnatilgan. Ushbu 8 qavatli inshoot lift prinsipida ishlaydi. Markazdagi lift avtomobilni qabul qilib, uni o‘ng va chap tomondagi bo‘sh joylarga joylashtiradi. Natijada atigi bir juft mashina sig‘adigan kichik yer maydonida 16 ta avtomobilni bemalol saqlash imkoni yaratilgan.
Bundan tashqari, madaniy hordiq chiqarish, turli jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish va mahalla ahlini birlashtirish maqsadida shinam amfiteatr ham barpo etilgan.

Bu yerda mavjud 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan.
Davlat rahbari ushbu muassasalardan biri – 441-bog‘chada yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishgan.
Ushbu maskan 1976 yilda qurilgan bo‘lib, uning hududi tubdan kengaytirildi. Muassasaning bo‘sh turgan maydonida jami 450 o‘rinli 2 ta yangi bino barpo etilgan. Natijada bog‘chaning umumiy quvvati 835 o‘ringa yetkazilgan.
Muassasada bolajonlar salomatligiga alohida e’tibor qaratilgan. Bolalar immunitetini mustahkamlash va nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olish maqsadida maxsus tuz xonasi tashkil etilgan.
Bundan tashqari, kichkintoylarning har tomonlama rivojlanishi uchun ingliz tili, mental arifmetika, tasviriy san’at, musiqa, badiiy gimnastika, shaxmat hamda taekvondo bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Prezidentga muassasada bolalar uchun yaratilgan “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” maxsus interaktiv platformasining imkoniyatlari haqida ma’lumot berilgan.
Ushbu maxsus interaktiv platforma bolajonlarning davlat tilini qiziqarli o‘yinlar va raqamli texnologiyalar orqali oson o‘zlashtirishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Platformadan mashg‘ulot jarayonida bolalarda mustaqil fikrlash, hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, kasblar bilan tanishishda ham foydalanish mumkin.
Shuningdek, bog‘chada tashkil etilgan yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi faoliyati bilan ham tanishilgan. Bu kabi to‘garaklar faoliyatini boshqa maktabgacha ta’lim muassasalarida ham ommalashtirish, bolalarni yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatiga bog‘cha paytidanoq o‘rgatib borish muhimligi ta’kidlangan.
Live
Barchasi