Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni O‘zbekistonga taklif qildi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-15 oktyabr kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining yettinchi sammitida ishtirok etdi. Endi O‘zbekiston ushbu tashkilotning teng huquqli a’zosiga aylandi. 

Tashkilot sammitida ishtirok etish barobarida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston rahbari Ozarbayjon Prezidentini O‘zbekistonga taklif qilgan. 

“Sizni o‘zingizga munosib bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga taklif qilaman. O‘zbekistonga tashrif buyurmaganingizga ko‘p bo‘ldi. Istardimki, sizga munosib bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga keling. Bu munosabatlarimizga yangi mazmun bahsh etsin. Keyin men ham Ozarbayjonga, albatta, tashrif buyuraman”, degan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. 

O‘z navbatda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifini mamnuniyat bilan qabul qilib, “Taklifingiz uchun tashakkur. Mamnuniyat bilan qardosh O‘zbekiston diyoriga tashrif buyuraman”, degan. U so‘zida davom etarkan, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda olib borilayotgan tarixiy islohotlarni, o‘zgarishlarni kuzatib kelayotganini aytadi. 

“Biz sizning rahbarligingiz ostida O‘zbekistonda amalga oshirilgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Islohotlar va O‘zbekistonni jadal rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlaringiz o‘z samarasini berishiga ishonchimiz komil. Bugungi kunda mamlakatingiz katta xalqaro obro‘ga ega bo‘ldi va iqtisodiyotda, ijtimoiy sohada amalga oshirgan islohotlaringiz nafaqat O‘zbekiston fuqarolariga, balki bizga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Chunki biz do‘stlar va qardosh sifatida har doim bir-birimizning yutuqlarimizdan xursand bo‘lamiz”, degan Aliyev. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari o‘rtasidagi bordi-keldilarning oxirgisiga joriy yilda 8 yil to‘ldi. So‘nggi bor Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 2010 yilning 27-28 sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Ilhom Aliyev tashrifi doirasida Toshkentda Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi ochildi. Markazni Prezident Aliyev va Shavkat Mirziyoyev ochib bergandi. 

O‘zbekiston Respublikasi rahbarining Ozarbayjonga so‘nggi tashrifi esa 2011 yilning 11-12 sentyabr kunlariga to‘g‘ri kelgan. Tashrif doirasida Baku shahrida Alisher Navoiy haykali ochilgan edi.


 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ilhom Aliev

Baholaganlar

13

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing