Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘anni O‘zbekistonga taklif qildi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda rasmiy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘lib turibdi. Kecha, 19 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ishtirokida yakkama-yakka muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Undan so‘ng, ikki davlat rahbarlari raisligida Oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishdan keyin davlat rahbarlari qo‘shma bayonotni imzoladilar. 

Muzokaralardan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ishtirokida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi. Brifingda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, Turkiya bilan hamkorlik istiqbollariga to‘xtaldi. Davlat rahbari o‘z nutqida shunday deydi: 

“Avvalambor, O‘zbekiston delegatsiyasiga qardosh Turkiya zaminida ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom, samimiy mehmondo‘stlik uchun Turkiya Prezidenti, qadrdon do‘stim Rajab Toyib Erdo‘g‘an Janobi Oliylariga hamda birodar turk xalqiga chin qalbimdan tashakkur izhor etaman. 

Haqiqatan ham, birodarim aytganidek, buyuk yurtdan Imom Buxoriy, Imom Moturiudiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy yurtidan alangali salom bilan butun xalqimiz nomidan juda katta tashakkur aytmoqchimanki, mana shu ikki yilda qardoshim bilan qilgan ishlarimiz tarix sahifalariga juda katta harflar bilan yoziladi. Biz juda katta natijalarga erishdik desak, bu ham adolatdan bo‘ladi. Aminmanki, bugun bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi do‘stona aloqalarimiz tarixida yangi sahifa ochadi. 

Turkiya Respublikasi Prezidenti Devoni “Xalq kutubxonasi”ning rasmiy ochilish marosimiga taklif etilganimizni ham O‘zbekiston xalqiga ko‘rsatilgan yuksak hurmatning yorqin namunasi deb bilamiz. 

Hozir qardoshim bilan bo‘lib o‘tgan juda batafsil, ochiq va samimiy, ishonch ruhidagi muzokaralarimizda siyosiy, saydo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarda ko‘plab masalalarni atroflicha muhokama qildik. 

O‘rtamizda juda sermazmun suhbat bo‘ldi. O‘zbek-turk munosabatlarinining holatiga baho berdik. Hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni belgilab oldik. 

Muzokaralar aksariyat dolzarb mintaqiy va xalqaro muammolar, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida yondashuvlarimiz mushtarak ekanini ko‘rsatdi. 

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligimizning jadallashtirish ustuvor vazifa ekanini yana bir bor ta’kidladik. Oxirgi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobarga oshgani, mingga yaqin qo‘shma shirkatlar tashkil etilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyat va salohiyat mavjudligini e’tirof etdik. Hamma sohalar bo‘yicha batafsil kelishib oldikki, men o‘ylaymanki, Xudo xohlasa 5 milliard ham bizga chegara bo‘lmaydi. Nimaga desangiz, niyatlarimiz juda katta. 

Ayni vaqtda bugun bo‘lib o‘tgan strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishining natijalari hali ishga solinmagan rezerv va imkoniyatlar ham borligini ko‘rsatdi. Shu maqsadga erishish uchun sanoat, qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya, turizm tarmoqlarida, ilm-fan, ta’lim sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida katta dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, bularning barchasi haqida batafsil gaplashib oldik. 

Turk investitsiyalari ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi muloqotlarimizning markazida bo‘ldi. Bu borada Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shimcha 1 milliard dollardan ortiq loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik. 

Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish maqsadida hamkorligimizni yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidladik. Shuningdek, biz Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish haqida har tomonlama fikrlashib oldik. Bu davlatda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish mamlakatlarimizning umumiy manfaatlariga mos keladi. 

Ma’rifiy va bag‘rikeng islomni targ‘ib etish, uning asl insonparvarlik mohiyatini jahon jamoatchiligiga yetkazish borasida qarashlarimiz mushtarakdir. Shu bilan birga, madaniyat, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarida qator qo‘shma hamkorlik loyihalari va tadbirlarini amalga oshirish muhimligini qayd etdik. 

Ilm, ma’rifat va madaniyat sohasidagi sherikligimizni kuchaytirishga ertaga ochiladigan Turkiya Prezidenti devonining “Xalq kutubxonasi” va O‘zbekistondagi kutubxona-axborot markazlari o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatish dolzarb ahamiyatga ega. 

Muhtaram xonimlar va janoblar! Biz Turkiya Respublikasini xalqaro maydonda obro‘-e’tibori va nufuzi tobora oshib borayotgan mamlakat, o‘zimiz uchun ishonchli va muhim sherik sifatida alohida e’tirof etamiz. Qardosh xalqlarimiz taraqqiyoti, tinch va farovon hayot qurish yo‘lida an’anaviy do‘stlik, istiqbolli hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etishga tayyormiz. Aynan shu tamoyillar muloqotimiz yakunida imzolangan qo‘shma bayonot va yo‘l xaritasida o‘z ifodasini topdi. Muxtasar qilib aytganda, aziz do‘stim, janob Prezident bilan bo‘lgan suhbatlarimiz tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi, desak bu ham haqiqat. 

Fursatdan foydalanib, qadrli do‘stim Erdo‘g‘an Janobi Oliylariga bizni Turkiyaga taklif etganlari uchun yana bir bor samimiy tashakkur izhor etaman. O‘z navbatida Muhtaram Prezident Janobi Oliylarini strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga taklif etaman. 

So‘zimning oxirida qardosh turk xalqiga samimiy ehtiromimni bildirib, go‘zal yurtingizga bardavom ravnaq va farovonlik tilab qolaman”. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga Respublikasiga tashrifi davom etmoqda. Davlat rahbarlari bugun Turkiya Respublikasi Prezidenti devonining “Xalq kutubxonasi” ochilish marosimida ishtirok etadilar.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

24

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing