Shavkat Mirziyoyev elektr energetika tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha qarorni imzoladi
Jamiyat
−
28 mart 2019
9965O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevelektr energetika tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha qarorni imzoladi. Quyida hujjat matni to‘liq e’lon qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Elektr energetika tarmog‘ining ishonchli faoliyat yuritishini ta’minlamasdan turib iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlarining sanoat salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish va hayot sifatini yaxshilashga erishib bo‘lmaydi.
Zamonaviy sharoitlarda elektr energetika tarmog‘ida raqobat muhitini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish sohasidagi faoliyatning institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
Elektr energetika tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Jahon bankining respublika elektr energetika tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi, shu jumladan, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishni nazarda tutuvchi taklifi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining elektr energiyani ishlab chiqarish, yetkazish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy uslublariga muvofiq, quyidagilar orqali “O‘zbekenergo” AJni qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:
a) issiqlik elektr stansiyalari hamda elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi elektr markazlarini boshqaruvchi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish;
b) “O‘zbekenergo” AJning tugatilayotgan “O‘zelektrtarmoq” UK va “Energosotish” filiali negizida quyidagilarni amalga oshiruvchi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish:
respublikaning magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish;
elektr energiyani respublikaning magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish;
elektr energiyani eksport va import qilish, shuningdek, qo‘shni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish;
elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xususiy kapital ishtirokidagi korxonalarni, shuningdek, magistral va hududiy elektr tarmoqlarini yagona operativ-dispetcherlik boshqarish;
elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xususiy kapital ishtirokidagi korxonalardan elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajarish, shuningdek, elektr energiyani hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotish;
v) elektr energiyani yakuniy iste’molchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqarishni amalga oshiruvchi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish;
g) “O‘zbekenergo” AJ tarkibiga kiruvchi ayrim xo‘jalik jamiyatlari hamda korxonalarini 1-ilovaga muvofiq qayta tashkil etish va tugatish;
d) “O‘zbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning sohaga oid bo‘lmagan va foydalanilmayotgan aktivlari va ulushlarini 2-ilovaga muvofiq ularni keyinchalik 2019-2021 yillar davomida belgilangan tartibda sotish maqsadida balans qiymati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
yangi tashkil etilayotgan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining dastlabki ustav kapitallarini shakllantirish 3-5- ilovalarda ko‘rsatilgan xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va “O‘zbekenergo” AJ aktivlari va ulushlarini berish hisobiga amalga oshiriladi;
“O‘zbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning 2-ilovada ko‘rsatilgan aktivlari va ulushlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish balans qiymati bo‘yicha davlat va “O‘zbekenergo” AJ ulushini kamaytirish hisobiga amalga oshiriladi;
aktivlar, aksiyalar paketlari va ulushlar yangi tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlariga ularning ustav kapitalida davlat ulushini shakllantirish (oshirish) hisobiga beriladi;
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalari paketlari bo‘yicha aksiyador huquqi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi PQ–3981-son qarori bilan tashkil etilgan Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha komissiya ishchi organi sifatida boshqaruv xodimlarining cheklangan shtat birliklari 20 nafardan iborat bo‘lgan, byudjetdan tashqari Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi qoshida Loyiha ofisi (keyingi o‘rinlarda – Loyiha ofisi) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Loyiha ofisiga O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining elektr energetika tarmog‘ini nazorat qiluvchi o‘rinbosari boshchilik qiladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
har bir tadbirni amalga oshirishning aniq muddatlari va ijrochilarini ko‘rsatib o‘tgan holda, shu jumladan, “O‘zbekenergo” AJning qayta tashkil etiladigan korxonalarining aktivlari va majburiyatlarini xatlovdan o‘tkazishni nazarda tutgan holda “O‘zbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarni qayta tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
Loyiha ofisi faoliyatini uning tarkibiga elektr energetika tarmog‘ini isloh qilish sohasidagi xalqaro va mahalliy ekspertlar hamda mutaxassislarni jalb etish orqali tashkil qilishni ta’minlasin;
2030 yilga qadar elektr energetika tarmog‘ida, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturlarini tasdiqlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:
2019 yil 1 mayga qadar – energiya resurslarining tannarxini pasaytirish va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar)ni, shuningdek, ularga erishishning bosqichma-bosqich mexanizmlarini ko‘rsatgan holda 2019-2020 yillarda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar – resurslarni boshqarish, ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimini (YeRP) dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish dasturiy-apparat kompleksi (SCADA)ni joriy etish, shuningdek, elektr energiyani nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT)ni joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni jadallashtirish ishlarining aniq tadbirlari, muddatlar va moliyalashtirish manbalarini nazarda tutgan holda 2019-2021 yillarda elektr energetika tarmog‘ini raqamlashtirish bo‘yicha kompleks dasturni;
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 sentyabriga qadar – 2020-2030 yillarda mamlakatning yoqilg‘i-energetika ta’minoti konsepsiyasini (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya);
Konsepsiya qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddatda Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magi – iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyaga bo‘lgan istiqboldagi talab-ehtiyojlari prognozlarini inobatga olgan holda 2030 yilga qadar elektr energetika tarmog‘ida ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturlariga aniqliklar va qo‘shimchalar kiritish;
Qurilish vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, konsalting kompaniyalari, ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarining texnik ko‘magida 2019 yil 1 dekabrga qadar – ilg‘or jahon tajribasini hisobga olgan holda elektr energetika ob’ektlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishni texnik boshqarish sohasida qurilish normalari va qoidalarini, standartlarini, normativ hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Moliya vazirligi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari va konsalting kompaniyalarining texnik ko‘magida 2019 yil 1 mayga qadar elektr energiya tariflarini belgilash metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda elektr energiyani ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashda ekspluatatsion, operatsion va investitsion sarf-xarajatlar to‘liq qoplanishini, shuningdek, elektr energetika tarmog‘i korxonalari rentabelligining chegaralangan normasi belgilanishi nazarda tutilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uch oy muddatda belgilangan tartibda:
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallari shakllantirilishini va ularning ta’sis hujjatlari tasdiqlanishini;
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining rahbarlik lavozimlariga zarur tajriba va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar jalb etilishini ta’minlasin.
9. Belgilab qo‘yilsinki:
ushbu qarorning 2-ilovasida ko‘rsatilgan aktivlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya qilish va xususiylashtirish bo‘yicha jamg‘arma tasarrufida qoldiriladigan mablag‘lar bundan mustasno bo‘lgan holda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning ustav kapitaliga davlatning hissasi sifatida qo‘shiladi va ushbu mablag‘lar issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlari tomonidan jalb etilgan O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) kreditlarini “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning ulushini ularning ustav kapitallarida ko‘paytirish hisobiga so‘ndirishga maqsadli yo‘naltiriladi;
mazkur qarorga muvofiq xo‘jalik jamiyatlarining bir tashkilotdan boshqa bir tashkilotga o‘tkazilayotgan mulki, mulkiy huquqlari, jumladan, ustav kapitalidagi aksiyalari va ulushlari qiymati, shu jumladan, ularni qayta tashkil etish va tugatish chog‘ida soliqqa tortishning barcha turlari bo‘yicha soliq solish ob’ekti hisoblanmaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va yangi tashkil etiladigan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining “O‘zbekenergo” AJ tuzilmasidagi tashkilotlarga qarashli yuridik shaxslar aksiyalarining 50 foizi va undan ko‘prog‘iga egalik qilganida mazkur tashkilotlarning qayta tashkil etilishi yangidan sotib olingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;
yangidan tashkil etiladigan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallarini shakllantirish aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga qo‘shilayotgan mulkning balans qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi, keyinchalik mazkur mulkning balans va bozor qiymatlari o‘rtasidagi tafovut ularning ustav kapitallariga kiritiladi;
“O‘zbekenergo” AJning amaldagi shartnomalari bo‘yicha huquq va majburiyatlari, shu jumladan, “O‘zbekenergo” AJ “Energosotish” filialining elektr energiyani xarid qilish va sotish bilan bog‘liq debitor hamda kreditor qarzdorligi, ushbu qarorning 15-bandida nazarda tutilganlaridan tashqari, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufiga o‘tadi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining “Qishloqenergoloyiha” AJ negizida innovatsion texnologiyalar va hozirgi zamon ilm-fani yutuqlarini qo‘llagan holda 0,4 kVdan 500 kVgacha kuchlanishli barcha tipdagi elektr tarmoqlarini loyihalashtiradigan zamonaviy ko‘p tarmoqli “O‘zenergoinjiniring” AJ loyiha tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “O‘zenergoinjiniring” AJni zamonaviy texnika va hisoblash vositalari, apparat dasturiy mahsulotlari bilan qo‘shimcha jihozlash uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining moliyaviy mablag‘lari, shu jumladan, grantlari va qarz mablag‘lari jalb etilishini nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
11. Istisno tariqasida, 2021 yil 1 yanvarga qadar:
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlariga hamda ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga – “O‘zbekenergo” AJ tarkibidan chiqariladigan, shuningdek, uning tuzilmasiga kiritiladigan xo‘jalik yurituvchi jamiyatlar bilan xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) yuzasidan;
issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlariga – Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish markazi” DUKda ekspertizadan o‘tkazilgan texnik topshiriqlarga muvofiq ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni xarid qilishga ularning maksimal qiymati ko‘rsatilgan holda tayyorlovchi korxonalar bilan har yili amal qilish muddati bir kalendar yilidan oshmaydigan muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar
va tashqi savdo vazirligi va Jamg‘armaning “O‘zbekenergo” AJning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun ilgari nazarda tutilgan 318,4 million AQSH dollari miqdoridagi Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishni loyihalar qiymatini optimallashtirish hamda ularni 6-ilovaga muvofiq xalqaro moliya institutlaridan jalb qilinadigan qarz mablag‘lariga almashtirish hisobiga qisqartirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
13. “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari:
emissiya qilinadigan qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini davlat ro‘yxatiga olish va qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi to‘g‘risidagi hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun yig‘imlar;
qayta tashkil etiladigan tashkilotlarning topshiriladigan avtotransport vositalarini qaytadan ro‘yxatga olishda avtotransport yig‘imlari to‘lashdan ozod qilinsin.
14. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2019 yil 1 iyuldan boshlab:
quvvati 10 MVtdan ko‘proq energiya iste’mol qiladigan sanoat korxonalarini qurish va yer maydonlari ajratish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingunga qadar respublika hududlarida joylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda faqat Energetika vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;
xususiy investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hisobiga tashkil etilgan mustaqil ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyani xarid qilish tanlov asosida (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan loyihalar bundan mustasno) hosil qilinayotgan elektr energiyaning maksimal qiymati ko‘rsatilgan holda amalga oshiriladi.
15. Belgilab qo‘yilsinki:
investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun “O‘zbekenergo” AJga berilgan kreditlar va qarzlarni “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlariga hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalarga, shuningdek, “O‘zbekko‘mir” AJga qayta rasmiylashtirish 7 va 8-ilovalarga muvofiq amalga oshiriladi;
“O‘zbekenergo” AJ va uning “Energosotish” filialining “O‘zbekenergo” AJ hamda 9 va 10-ilovalarga muvofiq uning tarkibiga kiruvchi jamiyatlar tomonidan jalb etilgan kreditlar bo‘yicha kafilliklari belgilangan tartibda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatlariga qayta rasmiylashtirilishi lozim;
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari “O‘zbekenergo”AJning investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shu jumladan, issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlarida, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida, “O‘zelektrtarmoq” UKda loyihalarni amalga oshirish guruhlari hamda 11-ilovaga muvofiq, qayta tashkil etilgan sanada uning moliyaviy hisobotida aks ettirilgan aktivlari hamda majburiyatlarining huquqiy vorislari hisoblanadi.
16. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgarishlarga muvofiq:
tijorat banklari va Jamg‘arma bilan birgalikda “O‘zbekenergo” AJ tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb etilgan kredit majburiyatlarining yangidan tashkil etilayotgan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalarga qaytadan rasmiylashtirilishini ta’minlasin;
“O‘zbekenergo” AJning majburiyatlari bo‘yicha ilgari berilgan davlat kafolatlariga o‘zgartirishlar kiritsin.
17. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar respublikada foydalanilayotgan elektr energetika ob’ektlari uchun uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada kengaytirish dasturini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – energetika vaziri A.S.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2019 yil 27 mart
LiveBarchasi