Shavkat Mirziyoyev Boysunda 5,27 mlrd dollarlik loyiha bilan tanishdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boysun tumanidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" gaz koniga bordi. Davlat rahbari u yerda amalga oshirilayotgan yangi loyiha bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga tashrifi asnosida Boysun tumanidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" gaz konida qidiruv va o‘zlashtirish ishlarini amalga oshirish, gaz-kimyo majmuasi qurish bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitimni imzolagandi.

Umumiy qiymati 5,27 milliard AQSH dollariga teng ushbu loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.

2018-2022 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda yiliga 5 milliard kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod quriladi.2023-2025 yillarga mo‘ljallangan ikkinchi bosqichda 1,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash hisobiga yiliga 500 ming tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng 2 ming 200 ish o‘rni yaratiladi.

Hozirgi kunda gaz konining 3D seysmik qidiruv ishlari o‘tkazilmoqda, “Eriell” kompaniyasi tomonidan 7 ta baholash qudug‘i burg‘ulanmoqda. Ob’ektda "Baker Hughes”, “Halliburton” va “Schlumberger” xorijiy kompaniyalari mutaxassislari ham mehnat qilmoqda.

Boysun tumanida boshlangan navbatdagi loyiha mamlakatning janubiy hududini kompleks rivojlantirish, yoqilg‘i-energetika, kimyo, qurilish sanoati va transport infratuzilmasi korxonalari quvvatlarini oshirish imkonini beradi.

Prezidentga loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusida erishiladigan natijalar haqidagi taqdimot namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev konda o‘tkazilayotgan geologiya-qidiruv jarayoni, uni o‘zlashtirish, tashqi infratuzilmalarni va gazni qayta ishlash zavodini qurishni jadallashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda Surxondaryo viloyatida 900 megavatli issiqlik elektr stansiyasi qurish, viloyatda sanoat sohasini rivojlantirish, muhandislik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, 2019-2020 yillarda Boysun tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, Sariosiyo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar taqdimotlari o‘tkazildi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Shavkat Mirziyoev Boysun

Baholaganlar

34

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing