Shavkat Mirziyoyev birinchi “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitida ishtirok etdi

Jamiyat

image

Bugun, 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Berlin shahrida Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Shols raisligida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashgan. 

Sammit kun tartibiga ko‘ra, unda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, “yashil” energetikani rivojlantirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish istiqbollari, tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari, shuningdek, izchil mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokama qilingan. 

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda bugungi mintaqaviy hamkorlik darajasiga yuqori baho berib, O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash siyosatini to‘g‘ri amalga oshirayotganini qayd etgan.

Tadbir ishtirokchilari “Markaziy Osiyo - Germaniya” formati ochiq muloqot hamda mintaqa mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish uchun samarali maydonga aylanganini, Markaziy Osiyo mamlakatlariga mustaqillikning ilk kunlaridanoq amaliy ko‘mak ko‘rsatishda Germaniya muhim o‘rin tutib kelayotganini yuqori baholagan. 

Sammitda shu bilan birga, uzoq muddatli hamkorlikning umummintaqaviy ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan. 

Bular:

•  investisiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik aloqalar va almashinuvni rivojlantirish;

•  qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish;

•  xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash;

•  transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish;

•  “yashil” kun tartibini ilgari surish;

•  Germaniya standartlariga muvofiq turli tarmoqlar uchun mutaxassislarni tayyorlash;

•  Afg‘oniston aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish.

Yakunda esa Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari Germaniya tomonining Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklikni yo‘lga qo‘yish, ushbu formatda muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlar o‘tkazib borish taklifini qo‘llab-quvvatlagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan iqtisodiy forumda qatnashib, unda Markaziy Osiyo – Germaniya biznesi uchun katta imkoniyatlar mintaqasi ekanini qayd etgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Shavkat Mirziyoev Berlin Markaziy Osiyo Olaf Shol'ts Sammit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing