Shavkat Mirziyoyev bir guruh harbiy xizmatchilarni mukofotladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Bugun, 14 yanvar kuni ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni yig‘ilganlarni, barcha harbiylarni, ularning oila a’zolarini bayram bilan muborakbod etgan.

“Ilgari armiya alohida, xalq alohida bir dunyo edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk kunlardan “xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” degan muhim g‘oyani ilgari surdi va vaziyat tubdan o‘zgardi”, deyiladi xabarda.

Harbiy qismlar eshiklari xalq uchun, bo‘lajak Vatan posbonlari – yosh avlod uchun hamisha ochiq bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.

“Armiya faqat qurol va aslaha bilangina kuchli hisoblanmaydi, balki ona Vatan uchun jonini ayamaydigan harbiylar – askar va ofitserlar, generallar bilan qudratlidir. Armiyamizning imkoniyatlari va jangovar salohiyatini belgilaydigan asosiy omil mana shu, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz”, deya ta’kidladi Prezident.

Marosimda bugun dunyoning turli nuqtalarida tinchlik va osoyishtalikka tahdid va xatarlar, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yuz berayotgani qayd etilgan. Ushbu xavflarga munosib qarshi tura olish uchun insonda chinakam vatanparvarlik, yuksak bilim va tafakkur, metin iroda bo‘lishi zarurligi ta’kidlangan.

“Buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz: “Askarlari botir el qudratli bo‘lur”, deganlarida aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan edilar. Men har bir askar, Vatanning har bir posboni Amir Temur va ulug‘ lashkarboshilarimiz o‘gitlarini, ularning harbiy merosini chuqur bilishi kerak, deb qayta-qayta ta’kidlab kelaman. Bu o‘lmas va bebaho meros hozirgi kunda ham har birimizning qalbimizga cheksiz g‘urur baxsh etadi, muqaddas tuprog‘imizga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytiradi”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan jasur harbiylarni ana shunday ajdodlarning chinakam vorislari, deb atagan.

Marosimda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, bojxona tizimi va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etgan.

Oliy Bosh Qo‘mondon yig‘ilganlar timsolida bugun joylarda yuksak davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan barcha harbiy xizmatchilarni samimiy tabriklagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev unvon to‘g‘risidagi guvohnomalarni, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi. Vatan himoyachilariga sihat-salomatlik, zimmasidagi olijanob vazifalarni samarali ado etishda ulkan zafarlar tilagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

198

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing