Shavkat Mirziyoyev “Arqadag‘” bilan gaplashdi
Jamiyat
−
16:54 1135 2 daqiqa
Bugun, 20 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida yetakchilar bir-birlarini muborak Ramazon hayiti va bahoriy Navro‘z ayyomi munosabati bilan dildan qutlab, ikki mamlakatning qardosh xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tilagan.
Davlat rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham samimiy tabriklarini yo‘llagan.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Barcha darajalarda samarali muloqotlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmining barqaror o‘sishi, shu jumladan tayyor mahsulotlarni yetkazib berish orqali ta’minlanmoqda. Yaqinda ishga tushirilgan “Shovot-Toshhovuz” savdo zonasining samarali faoliyati ham o‘zaro savdoning oshishiga xizmat qilmoqda.
Yuk tashishlar hajmi, shu jumladan Turkmanboshi orqali izchil ortib bormoqda. Energetika, sanoat, suv xo‘jaligi va transportda kooperatsiya kengayib bormoqda, Parlamentlararo, hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Tomonlar Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashgan. Barqaror tinchlikka erishishning yagona yo‘li vaziyatni siyosiy-diplomatik choralar bilan hal etish ekani ta’kidlangan.
Joriy yilda ko‘zda tutilgan ko‘p va ikki tomonlama tadbirlar rejasi ham muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qilib, yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlagan edi.
Live
Barchasi