Shavkat Mirziyoyev Andijondagi yangi yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi
Jamiyat
−
23 Sentyabr 503 1 daqiqa
Bugun, 23 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi Boburshoh ko‘chasining ikki qismini bog‘lovchi yangi yo‘l o‘tkazgich bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, inshoot shaharning ikki qismini to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lab, transport harakatini yengillashtirish va ortiqcha aylanma yo‘lni bartaraf etishga xizmat qiladi. Umumiy qiymati 271 milliard so‘m bo‘lgan loyiha davlat rahbarining Andijon viloyatiga avvalgi tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i asosida amalga oshirilgan.

Yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 796 metr, kengligi 25,9 metrni tashkil etadi. Uning 596 metri estakada, 200 metri esa tirgak devorli yo‘l qismidan iborat.
Yangi inshoot, eng avvalo, aholi uchun katta qulaylik yaratgan. Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi 140 ming nafar aholi endilikda 5,3 kilometr ortiqcha yo‘l bosmaydi.

Shuningdek, maxsus xizmatlarning qatnov masofasi 15 kilometrdan 9,3 kilometrga qisqargan. Ortiqcha masofa hamda temir yo‘l kesishmasidagi kutishlarning bartaraf etilishi natijasida manzilga yetib borish vaqti 17 daqiqagacha kamayadi.

Ayniqsa, bu shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega. Endilikda bemorlarni shoshilinch tibbiy yordam markaziga avvalgidan 14 daqiqa ertaroq yetkazish imkoni yaratilgan.
Live
Barchasi