O‘zbekiston rahbariyati Baxtiyor Nazarov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Jamiyat

image

Kecha, 18 yanvar kuni taniqli adabiyotshunos olim, o‘zbek adabiy tanqidchiligining yetakchi namoyandalaridan biri, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Baxtiyor Nazarov 77 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirdi. 

Baxtiyor Nazarov 1945 yil 17 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1966 yili Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tugatib, mehnat faoliyatini maktab o‘qituvchiligidan boshladi, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti) aspiranturasida ta’lim oldi. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi.

Iste’dodli olim o‘zining 55 yillik ilmiy pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston ensiklopediyasi tahririyati muharriri, Fanlar akademiyasi prezidenti maslahatchisi, bosh ilmiy xodimi, Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti kichik, katta ilmiy xodimi, bo‘lim mudiri, ilmiy kotibi, direktori, Fanlar akademiyasi ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi ilmiy kotibi, bosh ilmiy kotib o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qildi.

O‘zbek adabiy tanqidchiligining ilmiy asoslarini yaratish bo‘yicha fundamental tadqiqotlar olib borib, sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi. Xususan, uning rahbarligida 10 nafar fan doktori va 20 dan ziyod fan nomzodlari tayyorlangan.

Baxtiyor Nazarovning XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayonga oid ilmiy ishlari, darsliklari, o‘nlab monografiya va risolalari, 200 dan ortiq ilmiy maqolalari zamonaviy o‘zbek adabiyotining badiiy saviyasini baholashda o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Akademik Baxtiyor Nazarovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

154

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing