Shavkat Mirziyoyev AQSH Savdo vaziri bilan uchrashdi
Jamiyat
−
00:45 373 2 daqiqa
Bugun, 19 fevral kuni (AQSH vaqti bilan 18 fevral) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi AQSH Savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlashning amaliy jihatlari, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilingan.
Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning asosiy sheriklaridan biri ekanligi mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘zaro savdo hajmi 1 milliard dollardan oshgan, O‘zbekiston bozorida AQSHning 340 ga yaqin kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.
Energetika, o‘ta muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Qiymati 35 milliard dollar bo‘lgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amal qilmoqda. Bugun ishbilarmonlik tadbirlari doirasida bir qator muhim kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.
Ustuvor loyihalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash uchun yaqinda tashkil etilgan Ishbilarmonlik kengashining imkoniyatlaridan foydalanish va Investitsiya platformasini ishga tushirish zarurligi ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, uchrashuvda savdo munosabatlarini rivojlantirish hamda O‘zbekiston hududlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish muhimligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida amaliy tashrif bilan AQSHga yetib borgan edi. AQSHga tashrif doirasida Mirziyoyev “Tinchlik kengashi”ning birinchi sammiti va bir qator ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirok etadi.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Amerikaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi strategik loyihalar taqdimoti hamda iqtisodiy sohaga oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.