Shavkat Mirziyoyev Abduxoliq G‘ijduvoniy majmuasini ma’rifat markaziga aylantirishni taklif etdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifi avvalida G‘ijduvon tumanida joylashgan Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbarasini  ziyorat etdi. Marhumning haqiga Qur’on tilovat qilindi.

Shundan so‘ng mamlakat rahbari maqbarada amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu yerga imom-xatiblarni jalb etib, ularga o‘zbek allomalari ma’naviy merosini to‘g‘ri va chuqur o‘rgatish, xalqga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

“Kitobda o‘qish boshqa, ziyorat qilib, yurakdan o‘tkazib o‘rganish boshqa. Bu joy ma’rifat markazi bo‘lishi, odamlar o‘ziga ilm olib ketishi kerak”, deb aytib o‘tgan Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yil 16 fevral kuni viloyatga tashrif chog‘ida Mirziyoyev “Yetti pir” maqbaralarini obod qilish, ularni bog‘lovchi turizm yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Abduxoliq G‘ijduvoniy mazkur yetti pirning birinchisi sanalib, Xojagon tariqati asoschisidir. Keyinchalik Orif Revgariy, Mahmud Fag‘naviy, Ali Romitaniy, Muhammad Boboi Samosiy, Sayyid Amir Kulol bu ma’naviy yo‘nalishni davom ettirib, Bahouddin Naqshband uni yuksak bosqichga olib chiqqan. Shu bois bu tariqat Naqshbandiya nomi ostida tanilgan. Qo‘shni mamlakatlar, g‘arbiy va janubiy Sharq davlatlari, hatto butun dunyoda bu aziz avliyolar qadamjolarini kelib ko‘rish istagidagilar ko‘p.

Shu yerda mazkur ziyoratgohlarda amalga oshirilgan va davom etayotgan ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi.

Davlat rahbari bu maskanlarni obod qilish bilan birga «Yetti pir» haqida kitob yaratish, ularning ilmiy merosini targ‘ib etish zarurligini ham alohida ta’kidladi:

“Bunday ma’naviy xazina boshqa hech qayerda yo‘q. Bu xazinani mukammal o‘rganish, odamlarga, yoshlarga oson tilda yetkazish kerak. Maqsadimiz - yoshlarimiz o‘zimizning allomalarga ergashsin, merosini bilsin, ular bilan faxrlansin”, deb fikr bildirgan Prezident.

O‘zbekistonda ma’rifiy islomni rivojlantirish, buyuk allomalar maqbaralarini obod qilishga qaratilayotgan e’tibor xalqaro miqyosda tan olinmoqda. Xususan, Islom hamkorlik tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti - ISESCO tomonidan Buxoro shahri 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilindi.

Prezident bu sanaga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish, uning doirasidagi tadbirlarni Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligi bilan hamohang nishonlash, xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Buxoro

Baholaganlar

55

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing