Shavkat Mirziyoyev Nurotada nuroniylar suhbatini oldi
Jamiyat
−
12 mart 2019
5972Bugun, 12 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nurota tumanidagi “Chashma” tarixiy ziyoratgohida bo‘ldi. Davlat rahbari bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
“Chilustun” va “Panjvaqta” masjidlari, Abul Hasan Nuriy maqbarasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Shu boradagi loyiha takliflari bilan tanishar ekan, Prezident ziyoratchi va chet ellik sayyohlar uchun qulayliklarni oshirish, talab yuqoriligini inobatga olib sakson o‘rinli mehmonxona qurish, sayyohlarga xizmat turlarini ko‘paytirib, aholini qo‘shimcha daromad bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Quduqlar barpo etish va tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish orqali Nurota tumanidagi lalmi yerlardan samarali foydalanish, dukkakli ekinlar yetishtirish va chorvachilikni kengaytirish, parrandachilik-g‘allachilik klasteri tashkil etish rejalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu barcha chora-tadbirlarni qamrab olgan, Nurota tumanini kompleks rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarorini ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi.
Mahalliy aholi vakillari - nuroniylar, tadbirkorlar, xotin-qizlar va yoshlar bilan suhbatda shu kabi rejalar, mamlakat hamda Navoiy viloyatidagi o‘zgarishlar haqida so‘z bordi.
Prezident Nurota tumanida ham to‘planib qolgan masalalar bosqichma-bosqich hal etilayotgani, ushbu tashrif chog‘ida yana ulkan rejalar belgilanishini qayd etdi.
“Odamlar bizga ishonyapti, ertangi kunga umid bilan qarayapti. Bu ishonchni har bir rahbar yuragidan o‘tkazib, yangicha dunyoqarash bilan ishlashi, xalqqa xizmat qilishi kerak. Eng katta masala - ish joylari. Hamma harakatlarimiz aholini ish bilan ta’minlash, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan”, dedi davlat rahbari.
LiveBarchasi