“Sharoit menga ma’qul emas”. Mirziyoyev Qarshida yangi shifoxona qurilishini aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida rejadan tashqari Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga bordi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shifoxonaning binosi o‘tgan asrning 60-70-yillarida qurilgan. Shifoxona 228 bemorga va poliklinika 250 qatnovga mo‘ljallangan. Hozirda tumandagi 243 ming aholiga xizmat ko‘rsatiladi. Lekin bu yerdagi sharoitlar shuncha qamrovga va zamon talabiga mos emas. Ayrim jihozlarni yangilashga zarurat bor.

“Bugun Qashqadaryoga kelishimizdan maqsad viloyatning 3 yarim millionlik aholisi turmush sharoitini yaxshilash, og‘irini yengil qilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish. Yo‘ldan o‘tib ketayotib, shifoxona qanday ekan, deb kirdim. Holatni o‘zim ko‘rib, oddiy odamlar bilan ko‘proq muloqot qilib, qaror qabul qilish – mening eng katta maqsad-muddaom. Avval ham aytganimdek, ta’lim bilan tibbiyot sifatli bo‘lsa, odamlar rozi bo‘ladi. Ko‘p joylarda shifoxonalarni yaxshi qildik. Lekin Qarshi tumanidagi sharoit menga ma’qul emas. Bugun ko‘rganlarimdan xulosa qilib, bu yerda yangi shifoxona quramiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mutasaddilarga bo‘lajak majmua o‘rni va loyihasi bo‘yicha taklif kiritish vazifasini qo‘ygan. Kelgusida u eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi. Tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydigan bir guruh shifokor va hamshiralar xorijga malaka oshirishga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi turmushi bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga jo‘nab ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qashqadaryo Qarshi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing