“Sharq” nashriyoti binolari madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarildi
Jamiyat
−
23 yanvar
3724“Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bino va inshootlari madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2023 yil 14 oktyabr kuni ishchi guruh tomonidan mazkur ob’ektlarda tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazilgan. Guruh tarkibiga Madaniy meros agentligi vakillari, agentlik huzuridagi Ilmiy ekspert kengashi a’zolari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Sharq nashriyoti matbaa korxonasi” AJ xodimlari kiritilgan.
Ekspertiza natijalariga ko‘ra, ishchi guruh bino va inshootlarning aksariyati avariya holatida, ayanchli ahvolda, to‘liq rekonstruksiya qilishni talab etayotgani to‘g‘risida xulosalar chiqargan. Shuningdek, majmuada tarixiy-madaniy ahamiyatga ega binolar ham borligi aniqlangan.
Shu bilan birga, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga mulk majmuasini sotishda “O‘zA binosi” ma’muriy binosining (liter 0002) tarixiy me’moriy qiyofasini saqlab qolish zarurligi va kelgusida Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda qurilish, ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish topshirilgan.
Bundan tashqari, Madaniy meros agentligi Toshkent shahrining modernistik uslubdagi ob’ektlarini (jumladan, O‘zA binosi) UNESCO'ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun ariza tayyorlaganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, “Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi binosi joylashgan majmua 1914 yildan 1983 yilgacha qurilgan 14 ta bino va inshootdan iborat.
LiveBarchasi