Shaxmat: “Prezident kubogi” g‘olib va sovrindorlari qancha mablag‘ ishlab oldi?

Sport

image

Kecha, 18 noyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro shaxmat akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro turnir o‘z yakuniga yetdi. 

10 tur davom etgan musobaqa yakunida g‘oliblikni Rossiya Federatsiyasi vakili Sanan Syugirov qo‘lga kiritdi. U 10 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shuncha ochko jamg‘argan amerikalik shaxmatchi Xans Niyemann esa qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 2-o‘rin bilan cheklandi. Kuchli uchlikka rossiyalik Maksim Matlakov yakun yasab berdi. U yakunda 7 ochko to‘pladi.

O‘zbekistonlik shaxmatchilar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etgan Javohir Sindorov ham yakunda 7 ochko bilan 5-o‘rinni egalladi. Shuningdek, Akmal Fayzullayev ham 7 ochko to‘plagan holda xalqaro grossmeyster talabini bajarishga muvaffaq bo‘ldi. “Prezident kubogi” xalqaro turnirida Nilufar Yoqubboyeva ayollar o‘rtasida grossmeyster, erkaklar o‘rtasida FIDE ustasi talablarini bajardi.

Musobaqada dunyoning 9 ta davlatidan jami 104 nafar shaxmatchi g‘oliblik uchun dona surdi.

Turnirning yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov, Arab mamlakatlari shaxmat federatsiyasi raisi Shayx Saud Almualla, FIDE prezidenti yordamchisi Berik Balgabayev, FIDE turnirlar komissiyasi raisi O‘zgur Solakog‘lu, musobaqa bosh hakami Ashot Vardapetyan va boshqalar ishtirok etdi.

“Shaxmat aql mashqi sifatida insonni ruhiy kamolotga yetaklaydi. Shu sababdan, bugungi kunda ushbu sport turini O‘zbekistondagi har bir xonadon va har bir go‘shaga kirib borishini ta’minlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Va bu islohotlar shunchaki sportchilarni tarbiyalash uchun emas, balki mamlakatimizning har bir fuqarosining aqliy salohiyatini yuksaltirish va kelajakda har qanday sohada o‘z o‘rniga ega bo‘lishida poydevor bo‘lishi yo‘lida amalga oshirilmoqda”, deydi Abduhakimov.

Shundan so‘ng g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi boshlandi. Unda blits turnir, qolaversa, 12 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar, 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar, faxriylar hamda ayollar yo‘nalishidagi g‘oliblar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Musobaqaning mutlaq g‘olibi Sanan Syugirov 12 ming, 2-o‘rin sohibi Xans Niyemann 10 ming va 3-o‘rinni egallagan Maksim Matlakov 9 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Xalqaro shaxmat akademiyasi Javohir Sindorov Shaxmat Prezident kubogi

Baholaganlar

19

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing