O‘zbekiston gender tenglik bo‘yicha dunyo reytingiga kiritilmadi

Olam

image

Ayollarga erkaklar bilan gender tenglikka erishish uchun yana 100 yil kerak bo‘ladi deb taxmin qilinyapti. Bu haqda “Euronews” Shveysariyaning Butunjahon iqtisodiy forumi nodavlat tashkiloti tadqiqotiga asoslanib xabar berdi.

Tashkilot mutaxassislari 153 ta mamlakatda ta’lim, sog‘liqni saqlash, siyosat, umrning davomiyligi, iqtisodiyot va kareralarni hisobga olgan holatda jinslar o‘rtasidagi tenglikni solishtirib chiqqan.

“Gender tenglikka qator omillar ta’sir qiladi. Shulardan biri kelajakda yuz beradigan jamiyatdagi rollarning qayta baholanishi. Xususan, kasblarni, talab qilinayotgan kadrlar va daromadni ko‘rib chiqish kerak. Ayni vaqtda mehnat haqi tez o‘sayotgan sohalarda ayollarning ulushi kam. Sun’iy ong bo‘yicha mutaxassislarga kelsak, ayollarning ulushi 26 foizga teng, muhandislikda 15 foiz. Shu tariqa biz bu sohalarda katta gender farqni ko‘rishimiz mumkin”, deydi Butunjahon iqtisodiy forumi huzuridagi gender tenglik bo‘yicha tadqiqot rahbari Saadiya Zohidi.

Olimlar ijobiy o‘zgarishlarni ham qayd etgan. Joriy yilda siyosatda mashg‘ul bo‘lgan ayollar ulushi o‘sgan. Bu soha asosan erkaklarning faoliyat maydoni hisoblanadi. Butundunyoda parlamentda faol ayollar 25 foizga yetdi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 1 foizga ko‘p. Vazirliklardagi ayollar 21 foizga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 2 foizga oshgan.

Gender tenglik bo‘yicha dunyo reytingini o‘tgan yildagidek Islandiya boshqaryapti. Undan keyin Norvegiya va Finlyandiya joy olgan. AQSH reytingda 53-o‘rindan, Rossiya 81-o‘rindan joy oldi.

Markaziy Osiyodan Qozog‘iston 72-o‘rinni, Qirg‘iziston 93-o‘rinni, Tojikiston 137-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston hisobotga kiritilmagan. So‘nggi uch o‘rin Pokiston, Iroq va Yamanga nasib qilgan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash (97 foiz) va ta’lim sohasida (96 foiz) amalda to‘la gender tenglikka erishilgan. Iqtisodiyot sohasida ko‘rsatkich pasaygan. Ekspertlar fikricha, bu sohada global gender tenglikka erishish uchun 250 yil kerak bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

gender tenglik

Baholaganlar

39

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing