“Shafqatsizlik”. Janubiy Koreya Prezidenti Zelenskiyni tanqid qildi
Olam
−
14:44 2262 2 daqiqa
Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Shimoliy Koreya (KXDR) harbiy asirlarining topshirilishi haqida oshkora gapirgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni tanqid qildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi chog‘ida Ukraina yaqinda ikki nafar shimoliy koreyalik askarni Janubiy Koreyaga yuborganini ma’lum qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sha’niga tanqidiy mulohazalar bildirgan.
Zelenskiy ma’muriyati ikki nafar shimoliy koreyalik mahbusning Janubiy Koreyaga topshirilishi Seul bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot doirasida amalga oshirilganini tasdiqlagan. Li Chje Myon esa ushbu masala juda nozik ekanini hamda diplomatiya va milliy xavfsizlikka, shuningdek, Koreya yarim orolidagi vaziyatga ulkan ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etgan.
“Ukraina ma’lumotlarni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi kelishuvni buzgan holda ma’lum qildi. Ma’lumotlar oshkor etilishi sabablarini bilmayman, ammo bundan afsusdaman”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lumotlar oshkor qilingan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘plab muammolarni hisobga olgan holda, Janubiy Koreya va Ukraina shimoliy koreyalik askarlarni maxfiy tarzda topshirishga kelishib olgan.
Shu bilan birga, Janubiy Koreyadagi muxolif partiyalar ushbu kelishuvni maxfiy tutish qarorini tanqid qilgan. Li Chje Myon esa o‘z navbatida bunday nozik kelishuv tafsilotlarini oshkora e’lon qilish shafqatsizlik va mas’uliyatsizlik bo‘lishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yanvar oyida Rossiyaning Kursk viloyatida ikki nafar shimoliy koreyalik askar Ukraina kuchlari tomonidan asirga olingani ma’lum bo‘lgan edi.
Live
Barchasi