Shahrisabzda yupun kiyingan o‘quvchi qizlar sovuqda hokimlik tadbiriga olib chiqildi
3-sahifa
−
04 dekabr 2022
12234Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda bo‘lib o‘tgan tadbirda qatnashgan o‘quvchi qizlarning yupun kiyingani aks etgan surat muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holatga Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu tadbir joriy yilning 30 noyabr kuni Shahrisabzdagi 1-maktab hovlisida bo‘lib o‘tgan. Yoshlar daftarida turganlarga subsidiya asosida mehnat qurollarini va to‘lovlar uchun setifikatlar topshirish bo‘yicha tadbir bo‘lgan. Ushbu tadbirga aloqasi bo‘lmagan o‘quvchilar ham jalb etilgan.
XTV matbuot kotibiga ko‘ra, vazirlik tomonidan maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarini maktab vaqtidan tashqari, ularning salomatligi hamda xavfsizligiga xavf soladigan tadbirlarga jalb qilmaslik bo‘yicha doimiy ravishda ogohlantirib kelinadi.
“Afsuski, shunga qaramay ushbu suratdagi kabi ayanchli holatlar yuzaga kelmoqda. Bolalarning maktabdan tashqari vaqtlarda tadbirga jalb etilishi va eng achinarlisi, sovuq ob-havo sharoitiga qaramay ularning yupun kiyimlarda ekanligi ushbu hududdagi har bir mutasaddining aybi, deb hisoblaymiz”, deyiladi xabarda.
Vazirlik hudud mutasaddilaridan ta’lim muassasada maktab vaqtidan tashqari tadbirlarni tashkil etayotganda maktab o‘quvchi va o‘qituvchilarini jalb qilib, bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymasliklarini qat’iy so‘ragan. Shu bilan birga, joylardagi xalq ta’limi boshqarma, bo‘limlari va maktab rahbarlaridan ham tegishli xulosalar chiqargan holda, bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan qat’iy ogohlantirilgan.
Mazkur holatga Shahrisabz shahar hokimligi ham munosabat bildirgan.
Hokimlikka ko‘ra, 2-son bolalar musiqa va san’at maktabi qoshida tashkil etilgan “Tumorcha” raqs to‘garagi rahbari va ota onalarining o‘zlari o‘quvchi-qizlarning tadbirda raqslarini namoyish etish taklifi bilan chiqqan.
“Ular ota-onalari bilan gulxan atrofida birga issiq kiyimlarda o‘tirishgan. (Bu holat rasm va videoda ham aks etgan) Faqatgina davrada o‘ynashda va taqdirlash jarayonida rasmga olish uchun qisqa vaqtda raqs kiyimida bo‘lishgan. Bu yerda tashkilotchilarni oqlashdan yiroqmiz, faqat tadbirga raqs to‘garagi qizlarini ustozi va ota onalari tashabbusiga ko‘ra yutuqlarini baham ko‘rish uchun kelishganini anglashimiz zarur”, deyiladi hokimlik xabarida.
Ma’lum qilinishicha, ushbu holat yuzasidan shahar hokimligida yig‘ilish o‘tkazilib, yoshlar tadbirini tashkil etishda e’tiborsizlik qilgan mas’ullarga choralar ko‘rilgan.
LiveBarchasi