Shahram G‘iyosov nima uchun havaskor boksga qaytgani ma’lum bo‘ldi 

Sport

image

Boks bo‘yicha Osiyo va Jahon chempioni, Rio Olimpiadasi kumush medali sohibi  Shahram G‘iyosov Jahon chempionati oldidan havaskor boksdagi raqiblari professional boksdagi chempionlik jangi haqida fikr bildirdi.

“Havaskor boksga o‘zimga tashlagan “chaqiruv”im qaytardi. Professional boksga o‘tganimdan keyin ko‘pchilik meni har tomonlama professional bo‘lib ketdi, deb aytmoqda. Maqsadim ham professional, ham havaskor boksda yuqori natijalar ko‘rsatish. Men o‘tgan vaqt davomida bekorga mehnat qilmaganim va qancha narsadan voz kechganimni ko‘rsatishim kerak. O‘z oldimga jonajon vatanimiz bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarish va oltin medal qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘ydim. Shuning uchun ham o‘zimga o‘zim “chaqiruv” tashladim” deydi G‘iyosov. 

Shuningdek, Shahram G‘iyosov Olimpiada va Jahon chempionatida unga raqiblik qilgan va ayni paytda birga mashg‘ulot olib borayotgan Roniel Iglesias haqida fikr bildirdi:

“Iglesias bilan jang qilmaganimga 4 yil bo‘libdi. Shuncha vaqtdan beri u havaskor boksda yanada ko‘proq tajriba to‘pladi va Olimpiada chempioni bo‘ldi. Men esa professional boksda 11 ta jang o‘tkazdim. U juda kuchli raqib hisoblanadi. Shu paytgacha 3 marta to‘qnash kelganmiz. To‘g‘ri, mashg‘ulotlarda bir-birimizga “sirlarimizni” oshkor qilmayapmiz. Barchasi ringda aniq bo‘ladi. Bilasizmi, bir-birimizni kitobdek o‘qib bo‘lganmiz. Agar qaysidir bosqichda to‘qnash kelib qolsak, kimning jismoniy va ruhiy holati yaxshi bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Jahon chempionatidan so‘ng, 3-4 kun ichida AQSHga jo‘nab ketaman va nasib qilsa, 2022 yilda chempionlik kamarini O‘zbekistonga olib kelaman”. 

Ma’lumot uchun, boks bo‘yicha Jahon chempionati joriy yilning 24 oktyabridan 6 noyabriga qadar Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tkaziladi. Musobaqa oldidan Toshkent viloyatida joylashgan “Yangiobod” sport bazasida O‘zbekiston va Kuba terma jamoasi birgalikda yig‘in o‘tkazmoqda. Shahram G‘iyosov esa turnirda 71 kg vazn toifasida ishtirok etishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Shahram G'iyosov AIBA Jahon chempionati Boks

Baholaganlar

193

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing