Seul Rossiyadagi KXDR askarlarini “yollanma to‘p yemi” deb atadi

Olam

image

Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Yon Xyon Rossiyada ekanligi taxmin qilinayotgan shimoliy koreyalik askarlarni “yollanma to‘p yemi” deb atadi. Bu haqda bugun, 24 oktyabr kuni “Yonhap” axborot agentligi xabar berdi.

U Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inni o‘z armiyasini “noqonuniy bosqinchilik urushi” uchun sotganlikda ayblagan.

"Qo‘shinlar chet elga jo‘natilganda, odatda, o‘z davlatining qo‘mondonlik zanjiriga bo‘ysunadi va o‘z harbiy kiyimida va bayrog‘i ostida g‘urur bilan ish olib boradi. Ammo Shimoliy Koreya askarlari o‘zlarini rus kiyimida yashirib, Rossiya qo‘mondonligi ostida hech qanday operativ vakolatga ega bo‘lmagan holda harakat qilyapti”, degan vazir.

O‘z navbatida, Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Cho Te-Yul mamlakat rasmiylari Shimoliy Koreya harbiy xizmatchilarining Rossiya Federatsiyasiga jo‘natilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirishning har qanday variantini ko‘rib chiqayotganini aytgan.

“Biz barcha variantlarni ko‘rib chiqyapmiz. Bu Rossiyaning qanday munosabatda bo‘lishi, Shimoliy Koreya buning evaziga nima olishi va KXDR Moskvani qay darajada qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq”, degan Cho Te-Yul.

Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR allaqachon Rossiyaga 3000 askar yuborgan. Ular Rossiyadagi harbiy bazalarda bo‘lib, u yerda go‘yoki Ukrainaga qarshi urushga jo‘natishga tayyorlanmoqda. AQSH ma’muriyati, shuningdek, Shimoliy Koreya askarlari Rossiyada ekanligi haqida ishonchli ma’lumotlarga ega ekanligini ma’lum qilgan. Ayni paytda AQSH Vakillar palatasining Razvedka qo‘mitasi rahbari Mayk Terner KXDR harbiylarini Rossiyaga yuborish ehtimoliga javoban Oq uyni “to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy choralar” ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shimoliy Koreya askarlarining Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida Rossiyaning Seuldagi elchisi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgandi. Janubiy Koreya diplomatik departamenti rahbarining o‘rinbosari Kim Xong Kyun Rossiyaning Seuldagi elchisi Georgiy Zinovevga yaqinda Shimoliy Koreya askarlarining Rossiyaga jo‘natilganidan chuqur xavotirda ekanligi va Shimoliy Koreya harbiylarini Rossiyadan zudlik bilan olib chiqib ketilishini talab qilgan.

Kim, shuningdek, Shimoliy Koreyaning Ukrainadagi urush uchun qurol va askar yetkazib berishi nafaqat Janubiy Koreya, balki jahon hamjamiyatiga jiddiy tahdid ekanini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, bunday harakatlar BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari va jahon tashkiloti nizomiga ziddir.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya KXDR Seul

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing