Sergelidagi portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
28 Sentabr 2023
11624Bugun, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanida yuz bergan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Joriy yilning 28 sentyabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahri, Sergeli tumani, Xonobod ko‘chasi 3-uy manzilida joylashgan “Inter Logistics“ MCHJga qarashli 18,4 gektar yer maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kv. m. maydonda yong‘in kelib chiqqan.
Yong‘inning zarba to‘lqini oqibatida omborxona atrofida joylashgan bir nechta ko‘p qavatli uylarga, binolarga hamda transport vositalariga shikast yetgan hamda fuqarolar jarohatlangan.
Ayni vaqtda bir nafar 2006 yilda tug‘ilgan fuqaro olgan jarohati oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘lgan.
Jabrlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Hodisa tafsilotlarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan.
Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tegishli idoralarning mutaxassislaridan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilgan bo‘lib, yong‘in kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tegishli ekspertizalar tayinlangan hamda kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi