Sergeli metrosiga dastlabki relslarni o‘rnatish boshlandi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent metropolitenining Sergeli metro liniyasi sentyabr oyigacha bitkazilishi bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Hozirda ushbu liniya qurilishining yakuniy ishlari ketayotgani aytildi. Xususan, dastlabki relslarni o‘rnatish ishlari boshlangan. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, belgilangan loyihaga asosan Sergeli yo‘nalishining umumiy uzunligi 6,94 kilometr bo‘lib, "Chosh-tepa", "Toshkent halqa yo‘li", "Sergeli", "Afrosiyob", "Qipchoq" va "Chinor" bekatlaridan iborat. Qurilish-montaj jarayonlarining keng ko‘lamda olib borilishini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan 60 ta zamonaviy texnika va mexanizmlardan unumli foydalanilmoqda. Ob’ekt qurilishida 700 dan ortiq mutaxassislar 2 smenada ish bilan band.

O‘tgan vaqt davomida barcha 6 ta bekatning 5 tasi va ularning oralig‘idagi tayanch ustunlar uchun poydevor quyish ishlari Germaniya texnologiyasi asosida burg‘ilash uslubida yuqori sifatda amalga oshirilib, estakada tayanch ustunlari to‘liq o‘rnatib chiqildi. Ularning orasiga 26 metrlik balkalar sifatli va mustahkam montaj qilinmoqda. Shuningdek, bekatlarga eskalator o‘rnatish uchun poydevor, g‘isht terish, tashqi fasadni marmar bilan qoplash, elektr yoritish uchun simlar yotqizish ishlari ham yakuniga yetmoqda. Yo‘lovchi platforma to‘sinlarining montaj ishlari hamda metall konstruksiyalarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Ta’kidlanishicha, Toshkent metropoliteni Sergeli liniyasining "Chosh-tepa" bekati Chilonzor yo‘nalishidagi "Olmazor" yer osti bekati bilan bog‘lanadi. Belgilangan loyihaning ushbu murakkab yechimini amalga oshirishda quruvchi temiryo‘lchilar "Chilonzor" elektrodeposi hududida chap va o‘ng tayanch devorlarini o‘rnatish bo‘yicha 21 550 m3 hajmdagi yer ishlarini yakuniga yetkazishdi. Ayni paytga qadar bu yerda dastlabki relslar yotqizish ishlari boshlab yuborildi. "Toshkent halqa yo‘li" bekatidan "Sergeli" bekatiga qadar qariyb 600 metrga yaqin relslar yotqizildi. Ushbu yo‘nalishning tunnel qismi Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishidagi "Olmazor" yer osti bekatiga ulandi va tunnelni qayta ko‘mish ishlari yakunlanib, asfalt qoplamasi tiklandi.

Undan keyin esa "Toshkent halqa yo‘li" bekati keladi. Bu yerda ham tayanch ustunlarga hamda eskalator o‘rnatish uchun poydevorlar, g‘isht terish, tashqi fasadni marmar bilan qoplash, elektr yoritish uchun simlar yotqizish ishlari yakunlanib, hozirgi kunda bekatning ichki bezak ishlari so‘nggi bosqichda amalga oshirilmoqda. Bekat tomining metall konstruksiyalarini o‘rnatish ishlari yakunlandi. Loyiha bo‘yicha jami 34 ta metall ferma o‘rnatildi. Bekatning platforma qismini betonlash ishlari ham to‘liq yakunlanib, ichki pardozlash ishlari davom etmoqda. Perronlarga marmar plitalar yotqizilmoqda. "Sergeli" bekatida esa poydevor quyish uchun qazish, g‘isht terish va eskalator poydevorini quyish ishlari to‘liq yakunlangan. Bekat metall tomining 770,6 m2 qismini o‘rnatish ishlari tamomlandi. Hozirgi kunda bekatning ichki va tashqi devorlarini pardozlash ishlari uchun tayyor xolga keltirilgan.

"Afrosiyob" va "Qipchoq" bekatlarida bino poydevorlarini qazish va beton quyish, bekatlarda tashqi va ichki oraliq devorlariga g‘isht terish ishlari yakunlanib, suvoq ishlari 100 foiz tugatildi. Bundan tashqari "Afrosiyob" bekatining platforma qismiga 100 foiz oraliq temir-beton balkalari o‘rnatildi. Sergeli liniyasining loyiha smetasi hujjatlarida ko‘rsatilgan jami 1 ming 686 dona temir-beton balkaning 64,4 foizi yoki 1 ming 86 donasi, 254 dona tayanch ustun rigelining 86,6 foizi yoki 220 donasi o‘rnatilib, 265 dona tayanch ustunlarining 83,0 foizi yoki 220 donasi (opora) hamda 580 metr tunnel qismida qurilish ishlari yakunlandi.

2019 yilning aprel oyida "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati va Rossiyaning "Metrovagonmash" aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida Toshkent shahridagi yer usti metropoliteni uchun harakatlanuvchi har biri 4 vagondan iborat 5 ta metro poyezdini (jami 20 ta vagon) xarid qilish bo‘yicha imzolangan shartnomaga ko‘ra bugungi kunga qadar "Metrovagonmash" aksiyadorlik jamiyatida mazkur poyezdlar tayyorlanib, Toshkentga keltirildi. Kelgusida Toshkent metropoliteni uchun yana 10 ta poyezd xarid qilinishi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sergeli metro

Baholaganlar

44

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar