Sardor O‘rtach oyoqlaridan ajralishi mumkin
Madaniyat-san’at
−
29 dekabr 2023
30816Mashhur turk qo‘shiqchisi Sardor O‘rtach tarqoq skleroz (multiple sclerosis) kasalligi bilan kurashmoqda. Xonanda bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi jonli efir vaqtida ma’lum qildi.
53 yoshli xonandaning aytishicha, bu bedavo kasallik hisoblanadi.
“Hatto o‘zim poyabzalimni yechishga qiynalaman. Oyog‘imdan ajralishim mumkin. Umid qilamanki, hammasi yaxshi bo‘ladi”, degan xonanda.
O‘rtach 2014 yilda irlandiyalik model Xloya Lounan bilan turmush qurgan, biroq juftlik 2019 yilda ajrashgan. Turk qo‘shiqchisi ayni damda tushkunlikda ekanini ta’kidlagan.
“Bu sevgim yoki ajralishim tufayli emas. Yagona sabab mening kasalligim. Men otam va ukamni yo‘qotdim, bu pandemiyadan keyin menga juda yomon ta’sir qildi. Tasavvur qiling, men endi velosipedda ham yurolmayman. Bu holat meni bezovta qilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Mashhur xonanda hozir uning hayotida hech kim yo‘qligi va yolg‘izligidan kuyingan.
“Ayniqsa, men ota bo‘lishga kechikdim. Xudo hamma narsaga qodir. Undan farzandli bo‘lishni so‘rardim”, degan Sardor O‘rtach.
Ma’lumot uchun, tarqoq skleroz (MS) autoimmun kasallik bo‘lib, unda miya va orqa miya nerv hujayralarining qoplovchi membranasining shikastlanishi kuzatiladi. Bu esa asab tizimini ishdan chiqaradi, oqibatda jismoniy, aqliy va ba’zan psixiatrik muammolarni o‘z ichiga olgan bir qator belgilar va alomatlar paydo bo‘ladi. U surunkali bo‘lib, vaqti-vaqti bilan kuchayib boradi, bemorlarda turli darajadagi nogironlikka olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jang san’ati ustasi, taniqli xitoylik aktyor va Gollivud yulduzi Jeki Chan og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida ma’lum qilgan edik.
LiveBarchasi