Senatorlar “tonirovka” uchun “shtraf”ni pasaytirishni o‘ylamayaptimi?
Jamiyat
−
19 noyabr 2021
6448Avval xabar berganimizdek, bugun, 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida qator yo‘l-harakati qoidabuzarligi uchun jarimalarni kamaytirish to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi.
Jarima masalasi ko‘tarilganda avtomobillar oynasini ruxsatsiz qoraytirganlik uchun belgilangan jarimani kamaytirish ham yodga olinadi. To‘g‘ri-da, mashinanini haddan tashqari yuqori tezlikda boshqarish va oynalarni qoraytirib haydash yo‘l harakati uchun birdek xavfli emas-ku. Ustiga ustak, pulini to‘lasa, “tonirovka”ga ham cheklov yo‘q. Xo‘sh, qonunchilar tonirovka uchun ham jarimani kamaytirishni reja qilganmi? QALAMPIR.UZ shu savol bilan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarovga yuzlandi.
“Albatta, bu bugungi qabul qilingan qonunimizning predmeti emas. Ko‘ryapsiz, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni liberallashtirish ko‘zda tutilyapti. Aholi ko‘p e’tiroz bildiryapti. Haqiqatan, jarimalar katta edi.
“Tonirovka” masalasi ham kichkina muammoga o‘xshaydi. Lekin bu ham yo‘l harakatiga xavf soladigan omil hisoblanadi. Ayniqsa, yog‘ingarchilik vaqtlarida “tonirovka”li mashinada yurib ko‘ring, bizga o‘xshagan yoshi kattalar qiynaladi. “Tonirovka”ning salbiy taraflari ham bor. Shuning uchun tonirovkaga O‘zbekiston sharoitida iqlimga qarab yengillik kiritildi. Buyog‘ini hayot ko‘rsatadi”, deydi senator Narimon Umarov.
Uning ta’kidlashicha, agar yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari yillik qoidabuzarliklarni tahlil qilib, shuning asosida zarurat bor deb topsa, “tonirovka” uchun jarimalar ham qayta ko‘rib chiqiladi.
“Tonirovka” harakat xavfsizligiga tahdid qilmasa, jarimaga ham solinmas, puli bormi, to‘lasin. Lekin dunyoda “tonirovka” yo‘l harakatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillardan biri hisoblanadi. Asosiy maqsad harakat xavfsizligini ta’minlash. Vaqti soati kelib, buni ham qayta ko‘rish zarurati bo‘ladi”, deydi Umarov.
Eslatib o‘tamiz, senatorlar bugun ma’qullagan qonun bilan ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, maqbullashtirish maqsadida 5 ta modda sanksiyasi miqdori kamaytirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Ma’murif javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasiga binoan tegishli ruxsatnomasiz mashina oynasining tusini o‘zgartirganlik uchun BHMning 25 baravaridan 40 baravarigacha jarima jazosi belgilangan.
LiveBarchasi