Senatorlar qonun loyihasini rad etdi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. 

Qonunni ko‘rib chiqishda mamlakat iqtisodiyotining globallashuvi tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan, xo‘jaliklararo, davlatlararo aloqalar rivojlanayotgan hamda mintaqaviy va xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan bir sharoitda ham milliy, ham xalqaro darajada bozor munosabatlarining asosiy elementlaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil, suddan tashqari shakli sifatida katta ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.

Shularni inobatga olib, mazkur Qonun zarurati bir qator omillar bilan asoslanadi. O‘zbekiston Respublikasida xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, ular faoliyatining asosiy prinsiplarini belgilash, xorijiy investorlar, shuningdek milliy kompaniyalarni chet ellik hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash kabi omillar shular jumlasidan.

Muhokama davomida senatorlar Qonunda qator konseptual kamchiliklar mavjudligini aytib o‘tdi. Masalan, Qonunning 3-moddasida uning qo‘llanilish sohasi belgilangan bo‘lsa-da, xalqaro tijorat arbitraji tushunchasi va tamoyillari ochib berilmagan.

Shuningdek, 6-moddada Qonunning qo‘llanilish sohasini batafsil izohlash o‘rniga hal qilish uchun xalqaro tijorat arbitrajiga topshirilishi mumkin bo‘lgan nizolar sanab o‘tilgan. Senatorlarning fikricha, ushbu normada xalqaro tijorat arbitraji ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan nizo predmeti to‘liq yoritilmagan. 

Bu va boshqa kamchiliklar tufayli Qonunni jiddiy takomiliga yetkazish zarurligi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat yalpi majlis Xalqaro arbitraj

Baholaganlar

81

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing