Senator muammolarda SSVni aybladiyu yechimni ko‘rsatmadi
Jamiyat
−
11 avgust 2020
6342
O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirining “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish, shu jumladan, ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritilishi belgilandi. Ushbu holat esa jamoatchilik, jumladan xususiy klinikalar o‘rtasida ko‘plab e’tirozlar va bahs-munozaralarni kelitirib chiqarmoqda. E’tirozlarda SSV o‘z vaqtida ko‘rmagan choralari alamini xususiy klinikalardan chiqaryapti, degan fikrni ilgari surayotganlar ham yo‘q emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov Xususiy klinika litsenziyasini bekor qilish, muammoga yechim bo‘lmasligini aytib chiqdi. Jumladan u shunday deydi:
“Ta’kidlanayotganidek, xususiy klinikalar “Tez yordam” kelmasdan, taqdim etilgan telefon raqamlari javob bermagan bir paytda, o‘lim to‘shagida yotgan bemorlarni ko‘tarib kelganlarga hech kim yordam qilmagani uchun ularga yordam berishga majbur bo‘lgan. Shu bois, endi tajriba oshib, yangi davolash standartlari qabul qilinib, ahvol ancha yengillashganda, aybni xususiy klinikalarga ag‘darilayotganligidan norozi bo‘lmoqda.
Shuningdek, xususiy tibbiyotga nisbatan bo‘layotgan “o‘gay”larcha munosabatdan, ularni hech kim himoya qilmayotganligidan, “xususiy klinikalarda kerakli asbob-uskunalar yo‘q, dori-darmon yo‘q, ular noto‘g‘ri davolaydi”, deb kamsitilayotganligidan taassuf bildirish bilan birga, “davlat klinikalarida mutlaqo to‘g‘ri davolanildimi? U yerlarda kerakli hamma narsa bormidi? Nega xususiy klinikalarga ham tavsiyalar, qo‘llanmalar berilmadi?” kabi haqli e’tirozlarni keltirmoqda.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga istisno tariqasida 2020 yil 1 sentyabrga qadar tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtdagi faqat 7 ta xususiy klinika tegishli tartibda shartnoma imzolagan.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bu jami xususiy klinikalarga nisbatan necha foizni tashkil etadi, mutasaddilar tomonidan mamlakat uchun shunday kritik holatda xususiy tibbiyot tashkilotlari qay darajada mazkur xizmatlarni ko‘rsatishlari uchun shartnoma tuzishga jalb etildi, rag‘batlantirildi, imkoniyatlar yaratib berildi yoki jarayonga taklif etildi?!
Shuningdek, qayd etilgan qarorga ko‘ra mutasaddilarga nodavlat tibbiyot tashkilotlari tibbiyot xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda uni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qo‘llash yuzasidan amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish, ularning bino-inshootlarinidezinfeksiya vositalari bilan tizimli ravishda ishlov berilishini ta’minlash, dezinfeksiya tadbirlarini to‘liq amalga oshirish uchun yetarli miqdorda dezinfeksiya vositalari zaxirasini yaratish choralarini ko‘rish topshirilgan. Xo‘sh, bu yo‘nalishlarda qanday ishlar amalga oshirildi?!
Mazkur savollarga mutasaddilardan javob kutib qolamiz...”
Senator so‘zida davom etarkan, O‘zbekiston Respublikasi“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasida mutasaddilarga sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarini rivojlantirishni bir xilda rag‘batlantiruvchi sharoitlar yaratish vazifasi yuklanganini eslatadi. Ushbu qonunning 7-moddasida esa mamlakatda sog‘liqni saqlashning davlat va xususiy tizimlari yig‘indisidan iborat yagona sog‘liqni saqlash tizimi amal qilishi, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq bemorlarga 20 foizga qadar bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishi va bu xizmatlar byudjet hisobidan moliyalashtirilishi belgilanganini urg‘ulaydi.
“Xo‘sh, yuqorida qayd etilgan qonun va qarorlarga mutasaddilar tomonidan to‘la amal qilinyapti deya olamizmi?
Mamlakatimizda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyatda mutasaddilar sog‘liqni saqlash tizimining barcha bo‘g‘inlarini birdek ko‘rib, butun e’tiborni vaziyatni yaxshilashga qaratmoqdami? Xususiy klinikalar ham boshqalar qatori davlat loyihalariga taklif etilmoqdami, ular mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish jarayonlariga jalb etilmoqdami? Pandemiya sharoitida davlat tibbiyot tizimi og‘ir ahvolga tushib qolganda, tizimning ma’lum “yuki”ni o‘z zimmasiga olgan nodavlat tibbiyot muassasalari vakillari hukumat tomonidan qanday rag‘batlantirilmoqda?
Albatta, ushbu yo‘nalishlarda ham mutasaddilardan javob kutib qolamiz...”, deydi Iminov.
Iminov o‘z maqolasida boshdan oxiriga qadar “Doctor D” klinikasi rahbari Dilmurod Ergashevning fikrlarini takrorlaydi. Deyarli yangi gap aytmaydi. Muammoni ko‘rsatadi, ammo taklifni, yechimni boshqalardan talab qiladi. U so‘zi so‘nggida shunday deydi:
“Ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri ta’kidlanayotganidek, investorlar tomonidan yurtimizda tibbiyot muassasalari qurilib, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari olib kelinishi, umuman, tizimga investitsiyalar qilinishi sog‘liqni saqlashning davlat va xususiy tizimlari yig‘indisidan iborat yagona tizimning qay darajada taraqqiy etganiga bog‘liq. Shuning uchun tegishli davlat organlaridan qo‘yilgan savollarga javoblar bilan birga, mamlakat tibbiyot tizimini sog‘lomlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ham kutamiz”.
Tahririyat: Shuni ta’kidlash kerakki, ayni vaqtda gap faqat muammoni ko‘rsatishda emas. Siz aytayotgan muammoni hamma ko‘rib, bilib turibdi. Gap uning yechimini ko‘rsatishda, taklif berishda, yo‘lga birga chiqishda. Xo‘sh, senat pandemiya boshlangandan buyon nega bu savollarni SSVga bermadi, nega Respublika maxsus komissiyasi tomonidan olinayotgan qarorlar bo‘yicha tegishli idoralarni savolga tutmadi? Nega to “Doctor D” klinikasi rahbari Dilmurod Ergashev gapirib chiqmaguncha, xususiy klinikalarning dardiga quloq solmadi? Va nega hamon vaziyatga idoradan turib baho berilyapti? Janob Imimnov, siz bugungacha qaysi klinikalarda bo‘ldingiz?