Senatning 16-yalpi majlisi boshlandi
Jamiyat
−
25 iyun 2021
4540Bugun, 25 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda senatorlar, Vazirlar Mahkamasi mutasaddilari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilayotgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bormoqda.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi masalalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Bekobod, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.