Chirog‘i o‘chmaydigan Senatda yana “svet” masalasi ko‘tarildi
Jamiyat
−
18 noyabr 2022
17757Qish eshik qoqyapti. Sovuq kunlar allaqachon boshlangan, ba’zi hududlarda aholi elektr tokisiz qiynalyapti, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham uzun navbatlar yuzaga kelgan. Ushbu masala bugun o‘z ishini boshlagan Oliy Majlis Senatining 35-yallpi majlisida ko‘tarildi. Senatorlar 2022 yilgi davlat dasturidagi energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga oid band bajarilmaganidan shikoyat qildi.
Muhokamalarda senator Mahmudjon Parpiyev Senat yalpi majlisida ishtirok etayotgan Energetika vazirligi vakillariga savol bilan yuzlandi.
“Biz hududlarda bo‘lganimizda sovuq tushishi bilan energetikada ta’minot yetarli emasligi, soatlab tok o‘chishlari, gaz yetishmovchiligi aholida norozilik tug‘diryotganiga guvoh bo‘lamiz. Gaz quyish shoxobchalarida navbatlar juda uzun. Bunga ko‘z yummasligimiz kerak, o‘tgan 9 oyda minglab ish o‘rni yaratdik, Respublikamizdagi tadbirkorlik sub’ektlarining ishi 90 foiz (holatda) elektr energiyasiga taalluqli. Agar energiya yetarli bo‘lmasa tadbirkorlar faoliyatiga to‘siqlar yuzaga keladi. Mazkur muammolarni bartaraf etish bo‘yicha nima choralar ko‘rilmoqda?” deydi senator.
Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev savolga javob berar ekan, OTB va Jahon banki ishtirokida 20dan ortiq xorijiy ekspert va nufuzli konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda O‘zbekistonning elektr energiyasi va tabiiy gazga oid qonunlariga o‘zgartirishlar kiritilayotgani, energetika sohasiga doir qonunlar yangi tahrirda ishlab chiqilayotganini aytdi.
“Bular O‘zbekiston elektr energetikasi to‘g‘risidagi qonun va tabiiy gaz to‘g‘risidagi qonunlardir. Bundan tashqari, Prezidentning "Elektr energiyasi sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichlari to‘g‘risida"gi farmoni loyihasi Prezident Administratsiyasiga kiritildi. Ushbu hujjat ham elektr energiyasi va tabiiy gaz sohasida raqobatli bozorni shakllantirish, ushbu bozorga o‘tish bosqichlarini belgilash, narxlarni erkin shakllantirish va xususiy investitsiyalarni kengroq jalb etish bo‘yicha barcha choralarni nazarda tutadi. Raqobatli bozorlarni yaratish borasidagi umumiy konsepsiya doirasida ham energetika bozorini yaratish va tartibga solish me’yorlari ko‘rib chiqilmoqda”, deydi Sherzod Xo‘jayev.
Bundan tashqari, u eski texnologiyalarga asoslangan issiqlik elektr stansiyalarni foydalanishdan chiqarish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha oltita loyiha amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vaziri o‘rinbosari O‘zbekistondagi hech bir fuqaro sovuq yoki qorong‘i uyda yashamasligi kerakligini, elektr uzilishlarining sababi esa aholi elektr tokini ko‘p isrof qilayotgani bilan bog‘liqligini aytgan edi.
LiveBarchasi