Senat O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi bo‘lishini ma’qulladi
Jamiyat
−
11 may 2020
5742Bugun, 11 may kuni Oliy Majlis yuqori palatasi to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi masalasi ko‘rib chiqildi.
Avval xabar berilganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar va hisob-kitoblar Senat qo‘mitalari va maxsus ishchi guruhi yig‘ishlarida yetakchi ekspert va mutaxassislarning ishtirokida tahlillar asosida muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shahar Kengashlari tomonidan ham muhokama qilindi.
YeOII doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tarafdorlarining fikriga ko‘ra, ushbu tashkilot bilan hamkorlik tashqi savdo hajmining o‘sishi, mamlakatimizda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini YeOIIga a’zo davlatlarga bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirmasdan eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, YeOII bilan hamkorlik transport-kommunikatsiya va yuklar tranziti sohasidagi manfaatlariga ijobiy ta’sir qiladi. YeOIIga a’zo davlatlarda o‘z mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimizga keng imkoniyat yaratadi.
O‘zbekistonning YeOIIda “kuzatuvchi davlat” sifatida ishtirok etishi mazkur tashkilot doirasida olib borilayotgan ishlardan xabardor bo‘lishi va natijada tahlillar asosida to‘g‘ri xulosa qilish imkonini beradi.
Qarshi ovoz bergan senatorlar iqtisodiyotimizning qator tarmoqlarida ishlab chiqarish sur’atlarining pasayishi, muayyan darajada ish o‘rinlarining yo‘qotilishi, investitsiya faoliyati va sanoat modernizatsiya jarayonlarining sustlashishiga olib kelishi mumkinligini bildirishdi.
Shuningdek, muayyan davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari narxlarining oshishi, ularning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir qilishi hamda ichki bozorda import mahsulotlari hajmi ko‘payishini ham ta’kidlashdi. Bundan tashqari, respublikaning savdo saldosi va to‘lov balansi holati yomonlashishi xavfi borligi qayd etildi. Mamlakatimiz manfaatlari uchun Jahon savdo tashkilotiga a’zolik masalasi dolzarbroq ekanligi ham aytib o‘tildi.
Qizg‘in va ochiq munozara yakunida senatorlar O‘zbekiston Respublikasining YeOIIda “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etish taklifini ma’qullashdi.
Mazkur masala bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
LiveBarchasi